Toshkentda tirbandliklar prognoz qilinadigan markaz ishga tushirildi

    Mamlakatimizda 27 Iyun 2025 572

    Toshkent koʻchalarida harakat xavfsizligini raqamlashtirish, zamonaviy texnologiyalar va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda yoʻl transport hodisalarining oldini olish va shaharda tirbandliklarni barvaqt prognoz qilishga qaratilgan Kompyuterlashtirilgan vaziyatlar markazi yaratildi.

    IIV matbuot xizmatining xabar berishicha, markazga tatbiq etilgan Intellektual transport platformasi avtotransport oqimini kuzatish, tahlil qilish va intellektual boshqarishga imkoniyat yaratib beradi. Natijada shaharda tirbandlik 50 foizgacha kamayishiga, avtomobil yoʻlovchilarining vaqtini tejash, yoʻllardagi baxtsiz hodisalar soni kamayishi, favqulodda xizmatlar harakatini tezlashtirish hamda qaror qabul qilishda aniq statistika orqali samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.

    Tadbir jarayonida, Toshkent shahar hokimi tomonidan yoʻl-patrul xizmatiga 20 dona, patrul post xizmati uchun maxsus jihozlangan 20 dona “Kobalt” rusumli yangi xizmat avtomobillari topshirildi. Ushbu kobaltlar ishlab chiqaruvchi tomonidan maxsus vositalar bilan jihozlangan boʻlib, ularga oʻrnatilgan kameralar, vaziyatlar markaziga integratsiya qilingan.

    Ushbu avtomashinalarda oʻrnatilgan zamonaviy kameralar qidiruvdagi shaxslar, olib qochilgan transport vositalari, jamoat xavfsizligiga tahdid qoluvchi holatlar haqida markazga xabar yuborish imkoniyati mavjud. Markaz esa bir vaqtning oʻzda barcha xizmat avtomobillaridagi kameralarni masofadan turib boshqarishi mumkin.