Qayd etilishicha, hodisa Yakkasaroy tumani Muqimiy koʻchasida yuz bergan. Gentra haydovchisi mashinasida xomilador turmush oʻrtogʻi bilan ketayotgan paytida BYD haydovchisi bilan yoʻl tufayli janjal yuzaga kelgan.
“Oʻng polosada ketayotgandim, chap polosaga oʻtmoqchi edim, povorotni yoqdim. Orqamdan BYD kelayotgandi, unga xalaqit berganim yoʻq edi, bemalol holatda ketayotgandim. Keyin u orqamdan kelib, signal chalib, vahima qilib tashladi. Shu holatda xotinim homilador, mazasi boʻlmay qoldi. Xotinim sekinroq yuring, dedi, sekinlashdim. Lekin BYD vahima qilib orqamdan yana tirashni boshladi. Oʻsha holatdan keyin mashinani oʻngga oldim. Keyin u kelib oldimni toʻsib oldi”, — dedi Gentra haydovchisi.
Uning soʻzlariga koʻra, shundan soʻng BYD haydovchisi hamda uning otasi mashinadan tushib, Gentra oynalarini sindirgan va haydovchisini doʻpposlagan.
“Xotinim homilador desam ham, yana kelib uryapti. Uning aytishicha, men uni siqib qoʻyibman. Hech qanday siqishli holat boʻlmagan u yerda. Agar men uni siqib qoʻygan boʻlsam, ming bor uzr, deb ketardim. Toʻgʻri kelib urib ketyapti. Imkon bermadi gapirishga”, — deya qoʻshimcha qildi jabrlanuvchi.
Ular yoʻl harakati qoidalarini buzib, Gentra yoʻlini toʻsib, sunʼiy ravishda tirbandlik keltirib chiqargan. Mashina oynasini tepib sindirib, haydovchiga qoʻl koʻtargan, soʻkib, haqorat qilgan, deyiladi boshqarma xabarida.
“Muqimiy koʻchasiga chiqishdan ozgina siqib qoʻydi. Oqibatda ozgincha kelishmovchilik yuzaga kelib chiqdi. Bu mashinada ayol kishi borligini bilmagan edim. Ayollardan ham, oilalardan ham, Oʻzbekiston xalqidan ham uzr soʻrayman. Qilgan ishimdan afsusdaman”, — deydi BYD haydovchisi.
IIBBga koʻra, Gentra mashinasida boʻlgan haydovchining rafiqasi hammadan ham koʻproq jabr koʻrgan — voqea sodir boʻlganidan soʻng uning homilasi nobud boʻlgan.
“Ayolimning ham qoʻllari shishgan. Qoshiga ham qandaydir qattiq holatda zarba boʻlgan, bilmayman. Koʻkarishi ham yoʻq, lekin ogʻriyapti. Homilasi tushgan. Uning hozirgi holati yaxshi emas. Xotinimdan tashqari uydagilar ham yaxshi emas, chunki stressli holat boʻldi. Qonuniy chora koʻrishni soʻrayman”, — deydi Gentra haydovchisi.
Holat yuzasidan Yakkasaroy tumani IIB tomonidan ota va bolaga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b” bandi (Bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ushlangan.
Olib borilgan tergov harakatlari davomida jabrlanuvchining homilasi tushgani aniqlangani sababli uning tushish sabablarini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan. Tergov jarayonida ekspertiza xulosasi natijasiga koʻra gumonlanuvchilarning harakatlariga qoʻshimcha huquqiy baho beriladi, deyiladi xabarda.








