Toshkentda tunda davlat raqami boʻlmagan ekskavator yordamida qoʻporilgan daraxt qayta ekildi

    Ijtimoiy tarmoqlarda Yunusobod tumani, 8-mavzesi hududida 16-aprelga oʻtar kechasi bir guruh niqobli shaxslar tomonidan davlat raqami boʻlmagan ekskavator yordamida daraxt kesilayotgani toʻgʻrisida videoxabar eʼlon qilindi.

    Mazkur holat zudlik bilan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Toshkent shahar boshqarmasining Yunusobod tumani boʻlimi masʼullari tomonidan nazoratga olinib, ushbu manzilda oʻrganish ishlari oʻtkazilmoqda.

    Oʻrganishlar davomida Yunusobod tumani, “Mingchinor” MFY hududidagi koʻp qavatli 16-uyning orqa qismida bir necha nomaʼlum shaxslar tomonidan 1 tup safora daraxti davlat raqami boʻlmagan ekskavator yordamida ildiz qismi bilan olib tashlanganligi maʼlum boʻldi.

    Safora daraxti tegishli soha mutaxassislari hamda tuman ekologiya boʻlimi masʼullari tomonidan agrotexnik qoidalarga asoslangan holda ishlov berilib, biologik oʻgʻitlar bilan toʻyintirilgan tuproq qoplamasi yotqizilgan holda oʻz oʻrniga qayta ekildi.