Forum Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan TTDHK Kotibiyati, “Yoshlar – bizning kelajagimiz” jamgʻarmasi bilan birgalikda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda mamlakatimizning boshqa tegishli vazirlik va idoralari bilan yaqin hamkorlikda tashkil etildi.
Forumda Ozarbayjon, Turkiya, Vengriya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekistondan 200 dan ortiq yosh tadbirkorlar, xalqaro ekspertlar, Kengashga aʼzo mamlakatlarning yoshlar masalalariga masʼul vazirlari, shuningdek, TTDHK kotibiyatining rahbariyati qatnashdi.
Forum ishtirokchilari oʻz chiqishlarida TTDHKga aʼzo mamlakatlarda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish, aholi bandligini oshirish va yoshlarning iqtisodiy mustaqilligiga erishish uchun shart-sharoitlar yaratishning ustuvorligini taʼkidladilar.
Barcha TTDHK mamlakatlari aholisining umumiy sonida yoshlar ulushi 29 foizni va Oʻzbekiston aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etayotgani maʼlum qilindi. Shu munosabat bilan yoshlarni oʻz loyihalarini amalga oshirishda samarali qoʻllab-quvvatlash va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish TTDHK mamlakatlar iqtisodiyotlarining oʻsishiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi qayd etildi.
Oʻzbekistonda yoshlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Xususan, “Yoshlar – bizning kelajagimiz” dasturi, yosh fermerlarga bepul yer uchastkalari ajratish amaliyoti, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini yaratish dasturi, “Loyihalar fabrika”lari, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi faoliyati, shuningdek, yoshlarni moliyalashtirish va subsidiyalashning boshqa mexanizmlari haqida maʼlumot berildi.
Tadbir davomida bir qator yangi tashabbuslar ham ilgari surildi, xususan, TTDHK platformasida “Innovatsion loyihalar fabrikasi”ni tashkil etish hamda eng istiqbolli loyihalarni moliyalashtiradigan TTDHK Investitsiya jamgʻarmasini tashkil qilishni jadallashtirish taklif etildi. Shuningdek, joriy yilning noyabr oyida Toshkentda boʻlib oʻtadigan “InnoWeek.uz” Yillik innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida TTDHKga aʼzo mamlakatlar yoshlarining startap loyihalariga bagʻishlangan alohida sessiya tashkil qilish hamda ijtimoiy tarmoqlarda “TED Talks” va taqdimotlar shaklida TTDHKga aʼzo mamlakatlarning yosh tadbirkorlari va muvaffaqiyatli ishbilarmonlari oʻrtasida muloqot oʻrnatish uchun onlayn-kanal yaratish taklif etildi.
Marosim yakunida ishtirokchilar forum bevosita aloqalarni yoʻlga qoʻyish hamda TTDHKga aʼzo va kuzatuvchi mamlakatlar yosh tadbirkorlari oʻrtasida tajriba almashish uchun samarali platforma boʻlishiga ishonch bildirdilar.
Forum oʻz ishini 21 va 22-sentyabr kunlari agrosanoat sohasi, yengil sanoat, IT startaplari, turizm, marketing va turli boshqa yoʻnalishlarda davom ettiradi.
Forum ishtirokchilari turli sohalar va mamlakatimizda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yaratilgan imkoniyatlar salohiyati bilan tanishishlari, loyihalarni amalga oshirish boʻyicha tajriba almashishlari maqsadida tadbirlar dasturida ularning Toshkent va Toshkent viloyati sanoat korxonalariga tashriflari ham oʻrin olgan.
Shuningdek, tadbir doirasida Turkiy Kengashga aʼzo mamlakatlardan kelgan yosh tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilarning sanoat koʻrgazmasi hamda “B2B” shaklidagi uchrashuvlar tashkil etilyapti, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.