Erkak Toshkent shahar IIBBga qoʻngʻiroq qilib, uyni taʼmirlash chogʻida yertoʻladan qurol va oʻq-dorilarni topib olganini va ularni oʻz ixtiyori bilan ichki ishlar organlariga topshirish niyatida ekanligini maʼlum qilgan.

Murojaat asosida tezkor boʻlinmalar xodimlari fuqaroning yashash xonadonini koʻzdan kechirib, yertoʻladan RGD-5 rusumli qoʻl granatasi, TOZ-8 va IJ-27E rusumli oʻqotar qurollar, portlatish moslamasi, qoʻl granata zapallari, elektrodetonator, 500 dan ortiq jangovar oʻq-dorilar hamda boshqa buyumlarni aniqladi.

Maʼlum boʻlishicha, mazkur qurol va oʻq-dorilar fuqaroning marhum otasiga tegishli boʻlib, u ilgari Mudofaa vazirligi tizimida xizmat qilgan va Qurolli Kuchlar akademiyasidan nafaqaga chiqqan.

IIV eslatishicha, qurol, oʻq-dori va portlovchi moddalarni ixtiyoriy ravishda topshirgan shaxslar javobgarlikka tortilmaydi. Biroq bunday buyumlarni qonunga xilof ravishda saqlash yoki topshirishdan bosh tortish holatlari aniqlansa, Jinoyat kodeksining 248-moddasiga asosan jinoiy javobgarlik belgilangan.