Qayd qilinishicha, jinoyat qidiruv boʻlimi xodimlari tomonidan olingan tezkor maʼlumot asosida uylardan birida tintuv oʻtkazilgan. U yerda boʻyi 60 dan 170 santimetrgacha boʻlgan giyohvandlik oʻsimligi issiqxona uslubida, tuvakda, maxsus yorugʻlik va havo almashinuvi vositalari yordamida yetishtirilayotgani aniqlangan.

Taʼkidlanishicha, 12 tup giyohvandlik oʻsimligi, shuningdek, quritilib, isteʼmolga tayyorlab qoʻyilgan xomashyo daliliy ashyo sifatida olib qoʻyilgan.

Xabarga koʻra, xuddi shu hududda yana bir turar joy binosi koʻzdan kechirilganda, uning egasi ham giyohvandlik oʻsimliklarini yetishtirayotgani maʼlum boʻlgan. Huquq-tartibot xodimlarini koʻrgach, u oʻsimlikni suvga oqizib, yoʻq qilishga uringan, ammo niyatiga yetolmagan.

Jinoyat kodeksining 270-moddasiga koʻra, taqiqlangan ekinlarni yetishtirish 10-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Bundan tashqari, 273-moddada giyohvandlik vositalarini sotish maqsadida qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, olish, saqlash va boshqa harakatlar sodir etganlik uchun 20-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.