Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34-yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan 12-yanvar kuni poytaxtimizda Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar harbiy boʻlinmalarining tantanali piyoda yurish marosimi oʻtkaziladi.
Harbiy boʻlinmalarning tantanali piyoda yurishi Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetidan (moʻljal: “Pushkin” metro bekati) soat 11:00 da boshlanib, 13:00 ga qadar davom etadi.
Marosim davomida harbiy boʻlinmalar “Parkent” va “Mustaqillik” koʻchalari boʻylab harakatlanib, Amir Temur xiyobonida joylashgan toʻxtash nuqtasida faxriy qorovul jamoasi hamda qoʻl jangi ustalarining koʻrgazmali chiqishlari, boʻlinmalarning jangovar chaqiriqlari va harbiy orkestrning defile namoyishlari taqdim etiladi. Shundan soʻng harbiy boʻlinmalar “Mustaqillik” va “Temiryoʻl” koʻchalari orqali boshlangʻich manzilga qaytib boradi.
Shu munosabat bilan 12-yanvar kuni soat 11:00 dan 13:00 gacha boʻlgan vaqt oraligʻida yuqorida koʻrsatilgan koʻchalarda avtotransport vositalari harakati vaqtinchalik cheklanadi.
Yuzaga kelishi mumkin boʻlgan noqulayliklar uchun uzr soʻraldi va fuqarolar mazkur tantanali tadbirlarda faol ishtirok etishga chorlandi.