Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Joriy yilning 1-avgust kuni Oʻzbekistonning Isroildagi elchixonasi tashabbusi bilan Isroilning “GCI Gemological Centers Ltd.” kompaniyasi hamda Oʻzbekistondagi “Expert One” masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnoma imzolandi.
Yangi markaz Toshkent shahrida joylashadi va u qimmatbaho toshlarni “GCI” xalqaro standartlari asosida baholash va sertifikatlash, professional gemmologik ekspertizalar oʻtkazish hamda ushbu sohada taʼlim dasturlarini amalga oshirish bilan shugʻullanadi.
“GCI” kompaniyasi bosh menejeri Yehuda Yakarning taʼkidlashicha, Oʻzbekistonda filial ochish haqidagi qaror mamlakatda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, investitsiya muhitidagi ijobiy oʻzgarishlar, xalqaro ishonchning mustahkamlanishi hamda inson kapitaliga boʻlgan alohida eʼtibor tufayli qabul qilingan.
Markazning tashkil etilishida Isroildagi “Yangi Oʻzbekiston” savdo-investitsiya uyi rahbari Nargiza Qodirovaning faol ishtiroki alohida qayd etildi. Mazkur uy 2024-yil avgust oyida Oʻzbekiston diplomatik vakolatxonasi koʻmagida tashkil etilgan boʻlib, yirik savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda.
Maʼlumot uchun, “GCI Gemological Centers Ltd.” — dunyo miqyosida tan olingan, Isroilda joylashgan nufuzli gemmologiya kompaniyasi boʻlib, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarni baholash, ularni xalqaro mezonlar asosida sertifikatlash va sohaviy taʼlimni tashkil etish yoʻnalishlarida faoliyat yuritadi.