Toshkentda yangi uylar qimmatlashib, ikkilamchi uylar arzonlashdi. Uy-joy ijara narxi ham oshdi

    2025-yil sentyabr oyi yakunlariga koʻra, respublika boʻyicha uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 24,2 mingtani tashkil etdi, oʻtgan yilning sentyabr oyiga nisbatan bitimlar soni 13,7 foizga oshdi.

    Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi koʻchmas mulk bozoridagi tendensiyalar boʻyicha yangilangan tahlilida maʼlum boʻldi.

    Qayd etilishicha, eng yuqori yillik oʻsish Sirdaryo viloyatida (+35,6 foiz), Buxoro viloyatida (+20,2 foiz) va Toshkent shahrida (+31,2 foiz) qayd etildi.

    2025-yilning uchinchi choragida yurtimiz boʻylab jami 75,5 mingta koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirildi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 13,6 foizga va joriy yilning ikkinchi choragiga nisbatan 11 foizga koʻpdir.

    Eng katta oʻsishi Buxoro viloyati (+27,3 foiz), Sirdaryo viloyati (+24,9 foiz) va Toshkent shahrida (+19,9 foiz) kuzatildi.

    Ikkilamchi va birlamchi bozorlar

    Respublika miqyosida sentyabr oyida ikkilamchi uy-joy bozoridagi oʻrtacha narxlar 0,6 foizga oshgan. Yillik hisobda, oʻtgan yilning sentyabr oyiga nisbatan ikkilamchi bozorda bir kv.m uchun oʻrtacha narx 4,6 foizga oshgan.

    Eng yuqori narx oʻsishi Surxondaryo (+19 foiz), Sirdaryo (+15,8 foiz) va Jizzax (+14,5 foiz) viloyatlarida qayd etildi.

    Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joy bozorida sentyabr oyida narxlar 0,6 foizga oshgan, biroq 2024-yil sentyabr oyiga nisbatan 1,7 foizga pasaygan.

    Ikkilamchi uy-joy bozorida eng katta pasayish Yashnobod, Mirzo Ulugʻbek va Chilonzor tumanlarida kuzatildi. Oʻrtacha hisobda pasayish 4,3 foizni tashkil etdi.

    Shu bilan birga, birlamchi uy-joy koʻchmas mulk bozorida narxlarning 3 foizga oshgani qayd etildi.

    Birlamchi uy-joy bozorida eng yuqori narx oshishi Mirobad, Bektemir va Yakkasaroy tumanlarida qayd etildi. Oʻrtacha hisobda oʻsish 5,8 foizni tashkil etdi.

    Ijara bozori

    Sentyabr oyida Toshkent shahrida uy-joy ijara narxi bir kv.m uchun oʻrtacha 8,5 dollarni tashkil etdi. Eng yuqori ijara narxlari Mirobad, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida kuzatildi.

    Oʻtgan yilning sentyabr oyiga nisbatan poytaxtdagi ijara narxlari 1,4 foizga oshgan. Eng katta oʻsish Yunusobod, Olmazor va Mirobad tumanlarida qayd etildi va oʻrtacha 4,4 foizni tashkil etdi.