Nufuzli YUNESKO xalqaro tashkiloti nomoddiy madaniy meros sifatida e'tirof etgan “Shashmaqom” turkumi ana shunday mushtarak musiqiy qadriyatlarning yuksak namunasidir. Abadiyatga daxldor mumtoz maqomlarni yuzaga keltirishda Abu Abdulloh Rudakiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Safiuddin Urmaviy, Abdulqodir Marog'iy kabi qomusiy allomalarga munosib izdoshlik qilgan va ularning musiqiy ta'limotini yangi bosqichga yuksaltirgan fors-tojik mutafakkiri va shoiri Nuriddin Abdurahmon ibn Ahmad Jomiy hazratlarining bu boradagi xizmatlarini ham alohida qayd etmoq kerak.
Temuriylarning Movarounnahr va Xurosondagi hukmronligi davrida yashab ijod etgan, Samarqanddagi mashhur Ulug'bek madrasasida diniy va dunyoviy fanlardan mukammal tahsil olgan hamda musiqa bobining amaliy-nazariy jabhalarida beqiyos yuksalgan qomusiy alloma Abdurahmon Jomiy naqshbandiylik tariqatining yirik namoyandasi sifatida Hirot shahrida samarali faoliyat ko'rsatdi. Ul zotning ko'plab izdoshlari qatorida o'zbek xalqining faxri, g'azal mulkining sultoni, yirik mutafakkir va davlat arbobi Mir Alisher Navoiy ham kamolot kasb etdi.
Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy o'rtasida dastlab ustozu shogirdlik tarzida boshlangan o'zaro munosabatlar keyinchalik o'sha davrning sinovli silsilasida chinakam do'stlik rishtalari bilan mustahkam bog'landiki, bu hol o'zbek va tojik xalqlari azaliy qardoshligining yuksak timsoliga aylandi. Bu mo''tabar zotlar bir-birlarini o'zaro ma'naviy qo'llab-quvvatlashi natijasida mumtoz adabiyot, she'riyat, ilmu fan va san'at sohalarida bebaho asarlar yuzaga kelganligi alohida e'tiborga molik.
Bu ikki buyuk san'atkor ijodiy rejalarini o'zaro maslahatlashishgan, yozgan har bir asarini bir-birlarining nazaridan o'tkazib turishgan. Bu ijodiy hamkorlik ikki tomonlama bo'lgan, ya'ni shogird sifatida Navoiy faqat maslahat so'rab, Jomiy yo'l-yo'riq ko'rsatibgina qolmay, o'z navbatida, Navoiy ham ustoziga qimmatli maslahatlar bergan va Jomiy ularni inobatga olgan. “Jomiy Navoiyning iltimosi bo'yicha yoinki unga bag'ishlab yigirma ettita tojikcha kitob va risola yozdi. Muallif bu holni o'sha asarlarning muqaddimasida eslatib o'tadi”, — deb ma'lumot beradi bu haqda Sadriddin Ayniy. Jumladan, Mir Alisher Navoiyning taklifi va da'vati bilan Hazrati Jomiyning “Musiqaga oid risola” asari XV asrning ikkinchi yarmida temuriy shahzodalardan Sulton Husayn Boyqaro boshqargan Hirot shahrida yaratilgan edi.
Musiqashunoslik ilmiga oid bu risolaning noyob qo'lyozma nusxasi bugungi kunda O'zbekiston Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi SHarqshunoslik instituti qo'lyozmalar fondida muallifning boshqa 28 ta nazmiy va nasr iy asarlari bilan yagona jildda Jomiy “Kulliyot”i nomi bilan saqlanmoqda.
1990 yillarga kelib xalqlarimizning o'zligini anglash jarayoni yangi bosqichga yuksalgan bir davrda ulug' ajdodlarimizning ilmiy-ma'naviy merosi o'laroq Hazrat Jomiyning “Musiqaga oid risola”siga bo'lgan ma'naviy talab-ehtiyoj nafaqat musiqashunoslar davrasida, balki filologlar, manbashunoslar va fol`klorshunoslar orasida ham yanada ortdi.
Ayni shu talab-ehtiyojga javob o'laroq, 1997 yili mazkur risola o'zbek tilida nashr yuzini ko'rdi.
Bugungi kunda O'zbekiston va Tojikiston davlatlarida mumtoz maqom an'analari alohida e'tibor va e'zozda. Bu o'rinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi asosida “O'zbek milliy maqom san'ati markazi” tashkil etilib, Sahrisabz shahrida “Xalqaro maqom san'ati anjumani” o'tkazila boshlangani va Tojikiston Respublikasi Prezidenti emomali Rahmon farmoni bilan har yilning 12 may kuni “Shashmaqom milliy bayrami” tarzida nishonlanayotgani tahsinga sazovordir. Tabiiyki, ulug' ajdodlarimiz musiqiy merosi sharaflanayotgan hozirgi davrda Abdurahmon Jomiyning “Musiqaga oid risola”siga bo'lgan ijtimoiy-ma'naviy ehtiyoj yanada yuksaldi. Shu munosabat bilan Tojikiston Fanlar akademiyasining Hazrati Jomiy risolasini davr talabi asosida qayta nashr etish tashabbusi bilan qilgan murojaatini O'zbekiston Fanlar akademiyasi to'liq qo'llab-quvvatladi. Ushbu risolaning O'zFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo'lyozmalar fondida saqlanayotgan noyob nusxasi Dushanbe shahrida o'zaro hamkorlikda chop etildi.
Ezgu niyatlar bilan boshlangan bu xayrli nashr Prezidentimizning o'zbek va tojik xalqlarining asriy do'stona rishtalari va ilmiy aloqalarini mustahkamlash borasida olib borayotgan sa'y harakatlari hamda Tojikiston Respublikasiga tashrif doirasida imzolangan hujjatlarning amaliy ifodasi sifatida yangi o'zaro ilmiy-hamkorlik loyihalariga muhim debocha bo'lib xizmat qiladi, degan umiddamiz.
Bahrom ABDUHALIMOV,
O'zbekiston fanlar akademiyasi vitse-prezidenti,
tarix fanlari doktori, professor










