Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Mirobod tumanida joylashgan “Moviy gumbaz” kafesi madaniy meros obyektida olib borilayotgan ta’mirlash ishlari yuzasidan tarqalgan xabarlar bo‘yicha quyidagilar ma’lum qilinadi.

“Moviy gumbaz” kafesi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-son qarori bilan tasdiqlangan moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga 308-tartib raqami bilan kiritilgan bo‘lib, modernizm me’morchiligi namunasi sifatida davlat muhofazasiga olingan.

Mazkur obyektda noqonuniy ravishda ta’mirlash ishlari olib borilayotgani to‘g‘risida kelib tushgan ma’lumotlar yuzasidan joriy yilning 20-iyul kuni soat 22:00 lar atrofida Madaniy meros agentligi mas’ullari tomonidan voqea joyiga chiqilib, o‘rganish ishlari olib borildi.

O‘rganish davomida obyektning tom qismida vakolatli organ bilan belgilangan tartibda kelishilmagan holda ta’mirlash ishlari amalga oshirilayotgani aniqlandi. Aniqlangan holat yuzasidan Madaniy meros agentligi mas’ullari tomonidan mazkur ishlar zudlik bilan to‘xtatildi.

Shuningdek, obyekt mas’ullariga madaniy meros obyektlarida har qanday ta’mirlash, rekonstruksiya yoki boshqa turdagi qurilish ishlari faqat vakolatli organlarning tegishli ruxsati hamda belgilangan tartibdagi kelishuvlar asosida amalga oshirilishi lozimligi yuzasidan batafsil tushuntirish berildi. Qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar taqdim etildi.

Madaniy meros agentligi davlat muhofazasiga olingan madaniy meros obyektlarining asliyatini saqlash, ularni noqonuniy o‘zgartirish va shikastlanishining oldini olish yuzasidan nazorat tadbirlarini izchil davom ettiradi.