25-noyabr kuni Toshkent shahri koʻchalari boʻylab pulli avtoturargohlarni tashkil etish huquqi uchun savdolar boʻlib oʻtdi. E-auksion platformasida xabar qilinishicha, auksion 2 soat 10 daqiqa davom etgan va 22 ta taklifdan soʻng yakunlangan, deb yozadi gazeta.uz.
Gʻoliblikni Balcomuz kompaniyasi qoʻlga kiritgan boʻlib, u lot uchun 120,15 mlrd soʻm taklif qilgan. Bu boshlangʻich narxdan (57,2 mlrd soʻm) 2,1 barobar yuqoridir.
Yuridik shaxslarning yagona davlat reyestri maʼlumotlariga koʻra, Balcomuz 2020-yilning yanvar oyida Toshkentning Yashnobod tumanida roʻyxatdan oʻtgan. Kompaniyaning asosiy faoliyat yoʻnalishi restoranlar va oziq-ovqat yetkazib berish xizmatlari hisoblanadi.
Kompaniya saytidagi maʼlumotlarga koʻra, Balcomʼga 2019-yilda asos solingan va “Yaponiya anʼanalarini Oʻzbekistonning jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotiga integratsiya qilish borasida innovatoriga aylangani” aytilgan.
Kompaniya Oʻzbekiston boʻylab qator loyihalarni amalga oshirgan. Ular orasida Central Park istirohat bogʻi, “More” suv majmuasi, Toshkentdagi TheBani hammom majmuasi, Namangan shahridagi Oxygen Development koʻp qavatli turar joy va savdo binosi, Balcomsoft IT-xizmatlari kompaniyasi va Flamingo restorani bor.
Taʼsischilar Yaponiyaning Balcom kompaniyasi (60 foiz), shuningdek, Avazbek Shokirjon oʻgʻli Nuriddinov (20 foiz), Bobur Axatovich Akramov (10 foiz) va Anvar Olim oʻgʻli Hoshimov (10 fozi) hisoblanadi.
Kompaniya rahbari Avazbek Nuriddinov boʻlib, u ham yuqoridagi taʼsischilar bilan birgalikda Kunugi kompaniyasida ulushga ega.