Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi chiqindi moyni qayta ishlash zavodida yong'in sodir bo'lganiga oid videolavha tarqaldi. Holat tafsilotlari haqida Favqulodda vaziyatlar vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, bugun, 25-may kuni soat 02:30 lar atrofida Toshkent shahar Bektemir tumani "Mirishkor" MFY Chirchiq bo'yi ko'chasida joylashgan tadbirkorlik sub'ektiga qarashli hududda chiqindi moy mahsulotini qayta ishlash vaqtida sig'imning yorilib ketishi natijasida yong'in yuzaga kelgan.
Sodir bo'lgan yong'inni o'chirish uchun 8 ta yong'in-qutqaruv ekipaji soat 02:32 da voqea joyiga etib borib, yong'in soat 03:09 da o'rab olingan va soat 03:16 da o'chirilgan.
Yong'in natijasida 150 kvadrat metr maydonda chiqindi moy mahsulotlari yongan. Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo'lganlar yo'q.