Hozirgi aeroport imkoniyatlarini 2029-yilgacha to‘liq sarflab bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Toshkentning yangi xalqaro aeroporti qurilishini iyun oyida boshlash rejalashtirilmoqda. Bu haqda 5-may kuni Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Osiyo taraqqiyot banki yig‘ilishi doirasida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim yakuniy bosqichda va u may oyi o‘rtalarigacha imzolanishi kerak.
Toshkentning amaldagi aeroporti taqdiri haqidagi savolga vazir o‘rinbosari yangi aeroport ochilganda eskisini yopish rejalashtirilayotganini aytdi.
«Aslida konseptual yechim bor, xususiy sherik bilan kelishilgan shartlar mavjud. Agar yangisini ochsak, eskisini yopishimiz kerak. Bu mantiqan to‘g‘ri. Uning o‘rnida aynan nima bo‘lishi esa hozircha noma’lum», dedi Jasurbek Choriyev.
«Yangi Toshkent» xalqaro aeroporti Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlari hududida, 1300 gektar maydonda quriladi. Shavkat Mirziyoyev 2025 yil oktyabr oyida qurilishga start bergandi.
Yangi aeroport qurish qarori keyingi sakkiz yil ichida poytaxtga yo‘lovchi oqimi uch baravar ko‘payib, yiliga 9 million kishiga yetishi, 2040 yilga borib esa bu ko‘rsatkich 24 milliondan oshishi uchun qabul qilingandi. Amaldagi aeroport 11 million yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, u shahar ichida joylashgan.
Obyekt davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida barpo etiladi. Konsorsium tarkibiga quyidagilar kirdi:
Vision Invest (Saudiya Arabistoni) — 45%;
Sojitz Corporation (Yaponiya) — 30%;
Incheon International Airport Corporation (Janubiy Koreya) — 15%;
Uzbekistan Airports (O‘zbekiston) — 10%.
Loyiha to‘rt bosqichda ishlab chiqilgan. 2,5 mlrd dollarga tushadigan birinchi bosqich aeroport terminali va aerodrom qurishni o‘z ichiga oladi.
Qurib bitkazilgach, aeroport yiliga 20 mln yo‘lovchi va 129 ming tonna yukni qabul qila oladi, soatiga 30 tagacha uchish-qo‘nishni amalga oshiradi hamda bir vaqtning o‘zida 62 ta samolyotni qabul qila oladi.
Yangi aeroport majmuasi to‘g‘ridan to‘g‘ri Toshkent — Samarqand, Toshkent — Andijon va Toshkent — Bo‘stonliq avtomobil yo‘llariga ulanadi. Shuningdek, yuqori tezlikdagi poyezdlar qatnovini ta’minlaydigan temiryo‘l vokzali quriladi va Toshkent va Yangi Toshkent markazlari o‘rtasida avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.