Maʼlum qilinishicha, soʻnggi yillarda Toshkent metropolitenidan foydalanuvchilar soni sezilarli darajada oshgan. Shu munosabat bilan harakatlanish imkoniyati cheklangan shaxslar va keksa yoshdagi yoʻlovchilar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida metro bekatlariga zamonaviy elektron koʻtargich panduslari oʻrnatilmoqda.
Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida amalga oshirilmoqda. Buyurtmachi sifatida Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi ishtirok etmoqda. Qurilish-montaj ishlarini esa “Texnopark” MCHJ bajarmoqda.
Qayd etilishicha, ayni paytda elektron panduslarni oʻrnatish, sozlash va sinovdan oʻtkazish ishlari davom etmoqda. Shu sababli qurilmalar hali toʻliq ishga tushirilmagan.
Metropoliten maʼlumotiga koʻra, elektron panduslarni tezroq foydalanishga topshirish yuzasidan masʼul tashkilotlarga bir necha bor rasmiy murojaatlar yuborilgan. Shuningdek, yaqinda Toshkent shahar hokimligida oʻtkazilgan yigʻilishda ham qurilish-montaj va sozlash ishlarini tezkor yakunlash boʻyicha tegishli topshiriqlar berilgan.
Taʼkidlanishicha, mazkur elektron panduslar hozircha “Toshkent metropoliteni” DUK balansiga qabul qilinmagan. Ular barcha ishlar yakunlanib, texnik talablar va qabul qilish tartiblari toʻliq bajarilganidan keyingina korxona tasarrufiga oʻtkaziladi.
Shuningdek, har bir elektron pandus yoniga undan toʻgʻri va xavfsiz foydalanish boʻyicha yoʻriqnoma va tushuntirish materiallari joylashtirilmoqda.