Ushbu birinchi Toshkent xalqaro migratsiya
forumi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya
agentligi hamda Migratsiya buyicha xalkaro tashkilot (IOM) hamkorligida tashkil
etildi.
Bugungi globallashuv jarayonida migratsiya
masalasi dunyo davlatlari oldidagi muhim mavzulardan biriga aylandi. Ayniqsa,
mehnat migratsiyasi, migrantlar huquqini himoya qilish, xavfsiz va qonuniy
migratsiya tizimini rivojlantirish masalalari xalqaro hamkorlikni talab
etmoqda. Shu nuqtai nazardan, Toshkent xalqaro migratsiya forumi xalqaro
miqyosda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Asosiy maqsadi Markaziy Osiyo va boshqa
davlatlar bilan migratsiya sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, xavfsiz,
tartibli va muntazam migratsiyani ta'minlashdan iborat mazkur forum xavfsiz,
tartibli va qonuniy migratsiyani rivojlantirish maqsadida dunyoning 40 dan ortiq
davlati vakillari – 600 ga yaqin ishtirokchini bir maydonga jamladi.
Forumda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston
Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov ishtirok etdi
va «Yangilanishlar davrida migratsiya
boshqaruvi: islohotlardan – natijalarga» mavzuida ma’ruza qildi. Ma’ruzada qayd etilishicha, 2023-yilda yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston
Respublikasi Konstitutsiyasida inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati
va huquqlari oliy qadriyat ekani mustahkamlandi.
Eng muhimi, Yangi O‘zbekistonda migratsiya va mehnat
migrantlari huquqlarini himoya qilish masalalari alohida emas, balki barqaror
rivojlanish, inson kapitalini yuksaltirish, kambag‘allikni qisqartirish va
ijtimoiy adolatni mustahkamlash vazifalari bilan uzviy bog‘liq holda ko‘riladi. Shu asosda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda mehnat
migratsiyasini tartibga solish va fuqarolarni migratsiya jarayonining barcha
bosqichlarida qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yaxlit tizim shakllantirildi.
O‘zbekiston mehnat migratsiyasining
xavfsiz, tartibli va qonuniy kanallarini rivojlantirish tarafdori bo‘lib
kelmoqda. Binobarin, qonuniy migratsiya ekspluatatsiya va inson huquqlari
buzilishi xavfini kamaytiradi, mehnat migrantlarining ijtimoiy va huquqiy
himoyasini kuchaytiradi, davlatlar va ish beruvchilar manfaatlariga xizmat
qiladi hamda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga hissa qo‘shadi.
Xalqaro migratsiya
tashkilotining 2026-yilgi hisobotiga ko‘ra,
dunyo bo‘yicha 304 millionga yaqin xalqaro migrant mavjud. Shundan 168 millioni
mehnat migrantlaridir. Ular jahon mehnat bozori va iqtisodiy o‘sishga salmoqli
hissa qo‘shmoqda. Migrantlar oilalariga qariyb 905 milliard dollar miqdorida
pul o‘tkazmalari yo‘naltirilgan.
O‘z navbatida, 38 milliondan ziyod aholisi
bor va Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholi yashaydigan O‘zbekiston mintaqada eng
yosh demografik tarkibga ega. Bugungi kunda pul o‘tkazmalari mamlakat
iqtisodiyoti taraqqiyotining muhim omillaridan biriga aylangan. Ayni paytda 1
million 200 nafar fuqaromiz xorijda rasmiy mehnat faoliyatini olib bormoqda.
Muxtasar aytganda, O‘zbekiston BMT
tomonidan Migratsiya bo‘yicha global bitim (GM) maqsadiga muvofiq migratsiyani
boshqarish sohasidagi islohotni faol ilgari surayotgan, ilg‘or tajriba namoyish
etayotgan mamlakat sifatida e'tirof etilmoqda. Forumda ishtirok etgan xalqaro
ekspertlar ham mamlakatimizda migratsiya sohasida amalga oshirilgan ijobiy
ishlarni yuqori baholadi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati.