Bu haqida Bolalar ombudsmani maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, Bolalar ombudsmani kotibiyatiga bir guruh fuqarolar murojaat qilib, qoʻshnisi A.T. (1989-yilda tugʻilgan) voyaga yetmagan farzandi A.I. (2023-yilda tugʻilgan)ga nisbatan muntazam ravishda jismoniy zoʻravonlik qilayotgani, unga uxlatuvchi dori vositasi berib, doimiy ravishda qarovsiz va parvarishsiz qoldirayotganidan shikoyat qilgan.

Bolalar ombudsmanining rasmiy soʻrovi asosida holat Ichki ishlar boshqarmasi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan oʻrganilgan.

Oʻrganish natijasida bolaga nisbatan muttasil tazyiq va qiynash harakatlari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Shuningdek, bolaga nisbatan himoya orderi rasmiylashtirilgan.

Hozirda A.I.ning salomatligini tiklash maqsadida zarur tibbiy muolajalar koʻrsatilmoqda. Bolaning sogʻligi barqaror yaxshi holatda ekani maʼlum qilindi.

Shuningdek, tuman vasiylik organi tomonidan bolaning qonuniy manfaatlaridan kelib chiqib, vaqtincha vasiylik taʼminlangan.

A.T.ning ota-onalik majburiyatlarini bajarmagani sababli uni onalik huquqidan mahrum qilish boʻyicha sudga taqdim etish uchun tegishli hujjatlar tayyorlanmoqda.

Bolalar ombudsmani bolaning xavfsiz va sogʻlom muhitda yashashini taʼminlash maqsadida mazkur holatni kuzatishda davom etadi.