Muloqot chogʻida xorijiy kompaniya vakillari Oʻzbekistonda elektromobillarni zaryadlash shoxobchalari tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
Oʻz navbatida, xorijiy kompaniya vakillariga ayni paytda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yashil energiyaga bosqichma-bosqich oʻtish islohotlari, shuningdek, elektromobillarga boʻlgan yuqori bozor talabini hisobga olgan holda zaryadlash shoxobchalarini kengaytirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar haqida maʼlumotlar berildi.
Maʼlumot oʻrnida qayd etish joizki, “Total Energies” soʻnggi yillarda ekologik toza energiya turlaridan foydalanishni faol rivojlantirayotgan dunyodagi eng yirik neft-gaz kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Hozirda u dunyoning 130 dan ortiq mamlakatlarida faoliyat yurityapti. Uchrashuvda qayd etilishicha, kompaniya Markaziy Osiyo mintaqasidagi vakolatxonasini Toshkentda ochishni rejalashtirgan.
“Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan bugungi kunda konlarda “Upstream” yoʻnalishida qazib chiqarishni rivojlantirish va “Uzbekistan GTL” zavodida uglevodorodlarni chuqur qayta ishlashda “Downstream” kabi yangi istiqbolli loyihalarni tatbiq etishga eʼtibor qaratilyapti.
Fransuz kompaniyasi “Oʻzbekneftgaz” AJ bilan yashil energiya boʻyicha yangi loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikka tayyor ekanligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida qoʻshma loyihalar ustida ishlashni davom ettirish, shuningdek, oʻzaro anglashuv memorandumini (MOU) imzolash imkoniyatlarini yanada kengroq oʻrganib chiqishga kelishib olindi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.