Ana shu roʻyxatga kiritilgan oilalar, xotin-qizlar va yoshlarga bugun Toyloq tuman hokimligi tomonidan mehnat qurollari berildi va oʻz navbatida ularning bandligi taʼminlandi.

Toyloq tuman 2-son kasb-hunar maktabi binosida boʻlib oʻtgan tadbirda tuman hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi J. Xoʻjamurodov hamda sektor rahbarlari ishtirok etdi va 56 ta tikuv mashinasi, 12 ta motokultuvator, 14 ta payvandlash uskunasi, 7 ta xizmat koʻrsatish asboblari oʻz egalariga topshirildi.

-Toʻrt nafar farzandim bor. Turmush oʻrtogʻim ham men ham ishsizmiz. Farzandlarim hali kichkinaligi sababli ishga kira olmayotgan edim. Yoshligimda tikuvchilikka oʻqiganman. Biroq “qoʻlimiz kalta”lik qilib, tikuv mashinasi ololmayotgan edik. Oilaviy sharoitimizni inobatga olib, menga tikuv mashinasi berishdi. Bundan juda ham xursandman. Endi uyda bekor oʻtirmay, tikish-bichish bilan shugʻullanaman. - deydi Saribozor mahallasida yashovchi Rayhona Qulmatova.

Xuddi shunday tadbir 4-sektor hududidagi Nayman mahallasida ham boʻlib oʻtdi. Unda viloyat hokimining birinchi oʻribosari J. Oʻroqov ishtirok etdi. U oʻz soʻzida aholining ehtiyojmand qatlamini qoʻllab-quvvatlash birinchi galdagi vazifa ekanligini, aholi daromadlarining oshishi esa oilalar mustahkamligi, qolaversa, jamiyat va mamlakat rivojiga hissa qoʻshishini taʼkidladi.

Tadbir davomida 4-sektor hududidagi mahallalardan kelgan 13 nafar xotin-qizlarga tikuv mashinasi, 12 nafar yoshlarga payvandlash va xizmat koʻrsatish asbob-uskunalari hamda 6 nafar fuqarolarga motokultuvator berildi.

Tuman hokimligi axborot xizmati.