Bojxona toʻlovlarini toʻlashdan boʻyin tovlashga boʻlgan urinishlar bojxona organlari tomonidan oʻz vaqtida bartaraf etilmoqda.
Xususan, Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va oʻz xavfsizlik boʻlimi hamda Tashqi iqtisodiy faoliyatda notarif tartibga solishni nazorat qilish va bojxona ekspertizasi guruhi xodimlari tomonidan navbatdagi nayrang fosh etildi.
Viloyatda faoliyat olib borayotgan masʼuliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga xorijiy davlatdan olib kelingan “Toyota Tundra Edition 1794” rusumli avtotransport vositasi hujjatlarda yengil avtomashina sifatida qayd etilgan edi.
Biroq oʻrganilish jarayonida maʼlum boʻldiki, aslida mazkur avtomashina “pikap” yaʼni yuk tashish uchun moʻljallangan avtotransport vositasi ekanligi aniqlandi.
Uddaburonlarning qingʻir rejasi fosh boʻldi va davlat foydasiga 258,3 million soʻm qoʻshimcha bojxona toʻlovlari undirib olindi.
Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.