Soʻnggi yillarda havoga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori 11 foizga kamaygan

    Havoning ifloslanishi inson salomatligiga salbiy taʻsir koʻrsatib, allergiya va nafas olish tizimi kasalliklarini keltirib chiqaruvchi sabablardan biri hisoblanadi.

    2021-yil 12-aprel kuni Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan “Sanoat korxonalarining atrof-muhitga zararini kamaytirish va atmosfera havosini muhofaza qilish masalalari” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Bu haqda qoʻmitaning axborot xizmati xabar berdi.

    Maʼlumki, havoning ifloslanishi inson salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatib, allergiya va nafas olish tizimi kasalliklarini keltirib chiqaruvchi sabablardan biri hisoblanadi. Deyarli har bir yirik shahar atmosferasida yuqori miqdorda ifloslantiruvchi moddalar kuzatiladi. Ular ekotizim va aholi sogʻligʻiga ziyon keltirishi nuqtayi nazaridan jiddiy tashvish uygʻotadi. Metallurgiya, energetika, neft-gaz va konchilik sanoati korxonalari, qurilish materiallari ishlab chiqarish obyektlari hamda avtotransport vositalaridan chiqayotgan tutunlar atmosferani ifloslantiruvchi asosiy manbalardir. Bu boradagi hozirgi ahvol, shuningdek, kelajakda chiqindilar chiqarish hajmlarining yana-da koʻpayishi elektr va issiqlik energiyasi manbalarini diversifikatsiyalash chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni taqozo etadi.

    Taʼkidlash joizki, respublika boʻyicha oxirgi yillarda olib borilayotgan izchil saʼy-harakatlar evaziga ijobiy oʻzgarishlar yuz bermoqda. Masalan, havoga chiqarilayotgan jami ifloslantiruvchi moddalar miqdori 2016-yildagi koʻrsatkichga nisbatan 2020-yilda 11 foizga yoki 255,8 ming tonnaga kamayishiga erishildi. Yoʻnalishlar kesimida oladigan boʻlsak, mazkur miqdorlar sanoat korxonalarida 12,2 foizga yoki 109,8 ming tonnaga, transport vositalarida 10,4 foizga yoki 145,9 ming tonnaga kamaydi.

    Oʻzbekiston Respublikasida atmosferaga salbiy taʼsir oqibatlarini imkon qadar yumshatish maqsadida Davlat ekologiya qoʻmitasi va tizim tashkilotlari tomonidan bir qator ishlar olib borilib, xalqaro hamkorlik doirasidagi loyihalar muvaffaqiyati taʼminlanmoqda.

    2021-yilda BMTning Ozon qatlamini muhofaza qilish boʻyicha Vena Konvensiyasiga asoslangan Ozon qatlamini buzuvchi moddalar boʻyicha Monreal protokolining Kigali tuzatishiga Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi maqsadga muvofiqligi boʻyicha kengaytirilgan tahliliy maʼlumotlar yigʻilishini davom ettirish va pirovardida ushbu tuzatishga qoʻshilish rejalashtirilgan.

    Oʻzbekiston Respublikasida 2020-yil 1-yanvardan boshlab “Yevro-4”dan past ekologik toifadagi motor yoqilgʻisini ishlab chiqarish boʻyicha yangi quvvatlarni ishga tushirishni taʼqiqlash boʻyicha tizimli ishlar olib borilayotgani ham diqqatga sazovor. Xususan, yangidan ishga tushirilishi koʻzda tutilgan neftni qayta ishlash zavodlarida “Yevro-4” va undan yuqori ekologik toifadagi motor yoqilgʻisini ishlab chiqarish sharti bilan Davlat ekologik ekspertizasining xulosasini olish tartibi joriy etilib, uning amaldagi ijrosi yuzasidan qatʼiy nazorat oʻrnatilgan.

    Matbuot anjumanida qoʻmita tomonidan atrof-muhit ifloslanishining oldini olish boʻyicha yoʻlga qoʻyilgan monitoringga oid raqamlar ham keltirildi. Maʼlum qilinishicha, davlat ekologik monitoringi oʻtkaziladigan jami obyektlar soni 2020-yildagi 620 tadan ayni paytda 685 taga yetkazildi.Yil boshidan buyon 403 ta korxonaning 1413 ta manbalarida monitoring amalga oshirilib, 136 ta obyektning 169 ta manbasida atrof-muhitni ruxsat etilgan meʼyordan ortiq ifloslantirish holatlari aniqlandi va bartaraf etish choralari koʻrildi.

    Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” qarori doirasida Davlat ekologiya qoʻmitasi tomonidan “Atrof tabiiy muhit davlat monitoringi tizimining yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasi” yaratilib, unga Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi atrof tabiiy muhit davlat monitoringi boʻyicha elektron maʼlumotlar bazasi ham integratsiya qilindi. Endilikda shu tizimga Davlat geologiya qoʻmitasi va “Oʻzgidromet” xizmati markazining axborot tizimlarini ham integratsiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.

    Monitoring tizimini raqamlashtirish maqsadida respublikadagi xavflilik darajasi yuqori boʻlgan 406 ta sanoat korxonasining 1360 ta atmosfera havosiga ustuvor turgʻun (tashkillashtirilgan) ifloslantiruvchi manbalarida 2021-2025-yillarda bosqichma-bosqich avtomatlashtirilgan monitoring tizimi tashkil qilinadi.

    2020-yilda hududiy tahlil laboratoriyalari oʻlchov-nazorat asbob-uskunalari bilan taʼminlash maqsadida Xalqaro grantlar hisobidan 893,1 ming AQSH dollari miqdorida “Mercedes Benz Sprinter” rusumli 2 ta mobil ekologik laboratoriyalari va 13 xildagi 20 dona oʻlchov nazorat asbob-uskunalari olindi.

    Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish jamgʻarmasi hisobiga 187,9 mln.soʻm miqdorida 3 dona oʻlchov-nazorat asbob-uskunalari va 3 toʻplamdan iborat mebel jihozlari xarid qilindi.

    Mazkur tadbirlarni joriy yilda ham davom ettirish maqsadida davlat byudjeti, grant mablagʻlari va jamgʻarma hisobidan jami 26,0 mlrd.soʻm yoʻnaltirish koʻzda tutilgan.

    Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 25-noyabrdagi 748-son qaroriga muvofiq har biri 330,0 ming AQSH dollari qiymatiga teng 8 ta mobil laboratoriyalar hamda Toshkent viloyati tahlil laboratoriyasini umumiy 1,0 mln. AQSH dollari mablagʻlagʻlari hisobiga zamonaviy oʻlchov-nazorat asbob-uskunalari bilan jihozlash amalga oshiriladi.