AQSH prezidenti Donald Tramp seshanba kuni “muhim bir odam”ning afv etilishini eʼlon qilish niyatida ekanligini aytdi, deb xabar beradi “Interfaks”.

“Ertaga biz juda muhim kishini afv qilamiz” dedi samolyot bortidagi Amerika rahbari mamlakat boʻylab safarida unga hamroh boʻlgan jurnalistlarga. Taʼkidlanishicha, boʻlajak farmonning tafsilotlari oshkor qilinmaydi, ammo Trampning tushuntirishicha, gap uning milliy xavfsizlik boʻyicha sobiq maslahatchisi Maykl Flin yoki Milliy xavfsizlik agentligining sobiq xodimi Edvard Snouden haqida ketmayapti. Tramp avvalroq Rossiya Federatsiyasida boshpana olgan Snoudenni afv etish imkoniyatlarini jiddiy oʻrganmoqchi ekanligini aytgandi.

Advokat Anatoliy Kucherena yaqin kelajakda AQSHning Markaziy razvedka boshqarmasi va Milliy xavfsizlik agentligi sobiq xodimi Edvard Snoudenni AQSHda, oʻz vatanida kechirilishi mumkinligi masalasini muhokama qilishga tayyor ekanini bildirgandi. Eslatib oʻtamiz, Snoudenning Rossiyada yashash huquqi aprelda tugagan, ammo koronavirus pandemiyasi tufayli bu muddat uzaygandi.