Tramp Qatarga hujum uyushtirilgan taqdirda uni himoya qilish haqidagi farmonni imzoladi

    AQSh Prezidenti Donald Tramp Qatarga har qanday qurolli hujumni AQSh tinchligi va xavfsizligiga tahdid deb hisoblovchi farmonni imzoladi. Amerika tomoni Qatar manfaatlarini himoya qilish uchun “diplomatik, iqtisodiy va kerak bo'lsa, harbiy choralar” ko'rish majburiyatini olmoqda.

    Farmonda qayd etilishicha, AQSh va Qatar uzoq yillar davomida yaqin hamkorlik, umumiy manfaatlar va harbiy muvofiqlashtirishga ega. Hujjatga ko'ra, Qatar rasmiylari, xususan, mintaqaviy va global mojarolarni hal qilishda Qo'shma Shtatlarga yordam bergan.

    “Ushbu tarixni va Qatar davlatiga tashqi tajovuzdan kelayotgan tahdidlarni hisobga olgan holda, Qo'shma Shtatlari Qatar davlatining xavfsizligi va hududiy yaxlitligini tashqi hujumga qarshi kafolatlash siyosatini amalga oshiradi”, deyiladi farmonda.

    9-sentabr kuni Isroilning HAMAS rahbariyatining qarorgohini nishonga olgan holda Dohaga bergan zarbasidan so'ng Qatar AQShdan xavfsizlik kafolatlarini oldi. Hujum oqibatida ikki nafar HAMAS vakili va Qatar Ichki xavfsizlik kuchlarining bir a'zosi halok bo'ldi. AQSh Prezidenti Donald Tramp Isroilning harakatlaridan norozi bo'lib, bunday xatti-harakatlarning boshqa takrorlanishiga yo'l qo'ymaslikni talab qildi, deb xabar berdi kommersant.ru.