Bu chora-tadbirlar transportning barcha asosiy turlarini qamrab oldi. Bunda asosiy eʼtibor milliy loyihalarga, harakatlanuvchi tarkibni yangilashga, sanoatni boshqarish samaradorligi va taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga imkon beruvchi raqamli yechimlarni joriy qilishga yoʻnaltirilgan.

2025-yil logistika yoʻlaklarini ri­vojlantirish va oʻzgaruvchan tashqi iq­tisodiy sharoitda yurtimizning tranzit salohiyatini mustahkamlash muhim fao­liyat yoʻnalishi boʻldi. Parallel ravishda baxtsiz hodisalarni kamaytirish, norma­tiv-huquqiy bazani takomillashtirish va mintaqaviy tarmoq dasturlarini qoʻllab- quvvatlash boʻyicha tadbirlar amalga oshi­rildi. Aviatsiya sohasida yoʻnalishlarni subsidiyalash va aeroport tarmogʻini ri­vojlantirish, yoʻl sohasida esa trassa­larni standart holatga keltirish ustuvor yoʻnalishlar etib belgilandi. Integra­siyalashgan yondashuv sanoatning barqaror­ligini taʼminlash va keyingi oʻsish uchun asos yaratish imkonini berdi. Transport sohasini rivojlantirish, yaʼni Oʻzbekis­tonni Markaziy Osiyoning logistika mar­kaziga aylantirish ulkan strategiyaning bir qismi hisoblanadi.

Oʻtayotgan yil raqamlarda

2025-yilning yanvar-noyabr oylari na­tijalari transport sanoatining barqaror ijobiy rivojlanish dinamikasidan dalo­lat beradi. Hisobot davrida koʻrsatilgan xizmatlar hajmi 173 trillion soʻmga yetdi, bu oʻtgan yilgidan 14 foiz ziyod degani. Sa­noatning oʻsishi makroiqtisodiy koʻrsat­kichlarda aks etadi: yalpi ichki mahsulotda­gi ulush 5,6 foiz, xizmatlarning umumiy hajmida esa 19 foiz oshdi. Yil oxirigacha 185 trillion soʻmlik natijaga erishish kutilmoqda, bu oʻtgan yilgidan sezilarli yuqori. 2026-yilgi strategik moʻljallar bozorni yanada, yaʼni 200 trillion soʻmdan ziyodga kengaytirishni nazarda tutadi va bu sektorning uzoq muddatli salohiyatini namoyish etadi.

Yuk tashish dinamikasi transport xizmat­lariga nisbatan barqaror talabni tasdiq­laydi. Yil davomida 6,4 milliard yoʻlovchi va 1,4 milliard tonna yuk tashildi, bu oʻtgan yildagiga nisbatan mos ravishda 5,2 va 4,6 foiz koʻpdir. Xalqaro yuk tashishning oʻsishi, ayniqsa, sezilarli — 11 foiz (59 million tonnagacha) oshdi. Yil oxiriga kelib, 7,2 milliard yoʻlovchi, 1,5 milliard tonna yuk va 66,5 million tonna xalqaro tashish hajmla­ri kutilyapti.

Sohaning tashqi iqtisodiy koʻrsatkich­lari alohida eʼtiborga molik. Transport xizmatlari eksporti 2,2 milliard dollar­ga yetib, rejadan 4,6 foiz oshdi va oʻtgan yildagiga nisbatan 30 foiz oʻsdi. Xorijiy investitsiya oqimi sezilarli darajada ku­chayib, 738 million dollar (2024-yildagiga nisbatan 64 foiz koʻp) oʻzlashtirildi. Yil oxirigacha xizmatlar eksporti 2,3 milliard dollarga yetadi va 25 ta loyiha doirasida 839 million dollarlik investitsiya oʻzlashtirish rejalashtirilgan, bu esa infratuzilmani modernizatsiyalash va yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratadi.

Hammasi xizmatlar sifatini yaxshilash uchun

Yil boshidan jamoat transporti rivoji harakatlanuvchi tarkibdagi keng koʻlamli yan­gilanishlar va yoʻnalish tarmogʻi kengayishi bilan tavsiflanadi. 573 ta avtobus, 216 ta elektrobus va 396 ta mikroavtobus xaridi parklarni 1185 ta zamonaviy ekologik toza transport vositasi bilan yangilash imkonini berdi. Bu shaharlararo va xalqaro yoʻnalish­larni oʻz ichiga olgan 187 yoʻnalishni ishga tushirish uchun sharoit yaratdi. Yil oxiriga qadar mintaqalarga qoʻshimcha avtobuslar yet­kazib berish va rejalashtirilgan xaridlar transport vositalarida erkin harakatla­nishni oshirish va mavjud infratuzilmaga yukni kamaytirish boʻyicha izchil siyosatdan dalolat beradi.

Yirik oʻzgarish brutto-shartnomalar amaliyoti kengayishi boʻldi. Ushbu amaliyot hozir Toshkent, Nukus va viloyat markazlari­dagi 253 ta avtobus yoʻnalishida qoʻllanil­moqda. Ushbu modelning joriy etilishi yoʻ­lovchi tashishning muntazamligini va xizmat koʻrsatish sifatini oshirishga imkon berdi, yaʼni transport vositalari oraligʻidagi in­terval 2-3 baravar kamaydi, poytaxtda esa yoʻ­lovchilar oqimi kuniga 1,4 million kishiga yetdi. Viloyatlarda ham shunga muqobil dina­mika — kunlik yoʻlovchi tashish soni oʻrtacha 60 foiz oshgani kuzatilmoqda. Ushbu koʻrsat­kichlar yanada shaffof va boshqariladigan tashkiliy tizimga oʻtish samaradorligini tasdiqlaydi.

Tarmoqning moliyaviy va texnologik modernizatsiyasi poytaxt jamoat trans­portida naqd pul toʻlashdan voz kechilishi natijasida kuchaydi. Elektron toʻlovlarga oʻtish daromadlar 20 foiz oʻsishi, qoidabu­zarliklar ikki baravar kamayishi va yashi­rin aylanmaning amalda yoʻq qilinishini taʼminladi. 2026-yilda mazkur model viloyatlarda ham qoʻllanilishi yoʻlovchi­lar tashishning yagona raqamli makonini yaratadi. Shu bilan birga, taksomotor fao­liyatini legallashtirish va kuniga 1 mil­liondan ziyod yoʻlovchiga xizmat koʻrsatuvchi metroning yangilanishi shahar mobilligi­ni rivojlantirishga kompleks yondashuvni shakllantirmoqda.

Tizimda tarmoqning roli ortyapti

Temir yoʻl transportida barqaror oʻsish kuzatilyapti, transport tizimida tarmoq­ning roli ortyapti. Yoʻlovchi tashish haj­mi oʻtgan yildagiga nisbatan 7 foiz oʻsgan holda 9,8 million kishiga, yuk tashish esa 98 million tonnaga yetdi (oʻsish 4,2 foiz). Tranzit segmentida ham ijobiy dinami­ka kuzatilmoqda: yuk tashish hajmi 8 foiz oshib, 11 million tonnani tashkil etdi. Bu koʻrsatkichlar talabning tiklanishi hamda temir yoʻl transportining ichki va xalqaro yoʻnalishlarda raqobatbardoshligi oshgani­ni aks ettiradi.

Infratuzilmani faol modernizatsiya­lash va rivojlantirish oʻsishning asosiy omili boʻldi. Yil boshida 465 kilometrli Buxoro — Urganch — Xiva uchastkasi toʻ­liq elektrlashtirildi va foydalanishga topshirildi, bu esa elektrlashtirilgan temir yoʻllar ulushini 51 foizga yetkazish­ga imkon berdi. Parallel ravishda Samar­qand — Urgut, Baytqoʻrgʻon — Parkent va Miskin — Nukus yoʻnalishlarini oʻz ichiga olgan liniyalarni qurish va elektrlashti­rish ishlari bajarildi. Yil oxiriga qadar quvvatlarni koʻpaytirish va ekspluatatsiya xarajatlarini kamaytirish maqsadida qa­tor strategik loyihalarni roʻyobga chiqarish rejalashtirilgan. Bu, oʻz navbatida, yuk tashish hajmini yanada oshirishga zamin yaratadi.

2026-yil uchun oʻrta muddatli rejalar tarmoq rivojlanishida sifatli sakrashni amalga oshirishga qaratilgan. Asosiy uchast­kalarni elektrlashtirishni yakuniga yetkazish, Toshkent — Samarqand — Xiva yoʻnalishi boʻyicha yangi tezyurar elektr poyezdni ishga tu­shirish va yuqori tezlikda harakatlanish uchun alohida liniyani ishlab chiqish viloyatlararo aloqani kuchaytiradi. Yangi elektr poyezdlar sotib olish, mahalliy korxonalar tomonidan yoʻlovchi va yuk vagonlari ishlab chiqarish­ni koʻpaytirish harakatlanuvchi tarkibni yangilashga tizimli yondashuvdan dalolatdir. Ushbu chora-tadbirlar birgalikda oʻsishga, tex­nologiyaga va tranzit salohiyatiga qaratilgan temir yoʻl transportini rivojlantirishning barqaror modelini shakllantiradi.

Aviatsiya parvozda

Aviatsiya ham barqaror miqdoriy va sifat koʻrsatkichlarini namoyish etyapti. Bu esa sektorning mamlakatimiz iqtisodiy rivoj­lanishiga qoʻshadigan hissasini oshiradi. 2025-yilda 21 ta samolyot xarid qilgan re­zident kompaniyalar milliy aviaparkimiz­da ular sonini 107 taga yetkazdi. Flotning kengayishi bilan birga yoʻnalish tarmogʻi ham oʻsmoqda: bugungi kunda 17 ta rezident va 51 ta xorijiy aviakompaniya 203 ta yoʻna­lish boʻyicha parvozlarni amalga oshiryapti, ularning aksariyati xalqaro liniyalardir. Bu mamlakatning mintaqaviy va global aviatsiya bozoridagi mavqei mustahkamlanib borayot­ganidan dalolat.

Parvozlar geografiyasi kengayishi va ilgari yopilgan yoʻnalishlar tiklanishi tar­moqning asosiy koʻrsatkichlariga bevosita taʼsir koʻrsatdi. 2025-yilda 33 ta yoʻnalish ochildi va tiklandi, bu parvozlar sonini 13 foiz, yaʼni 116 mingga oshirishga imkon ber­di. Yoʻlovchi oqimi 24 foiz oʻsib, 13,8 mil­lion kishiga yetdi, bunda asosiy oʻsish xal­qaro yuk tashish hissasiga toʻgʻri keladi. Yuk va pochta aviatashuvlari sezilarli darajada oshdi, ularning hajmi 19 foiz oʻsib, 180 ming tonnani tashkil etdi. Yil oxirigacha parvozlar va yoʻlovchilar soni yanada koʻpayi­shi kutilmoqda, bu esa aviatsiya xizmatlari­ga yuqori talabni koʻrsatadi.

Infratuzilmani modernizatsiyalash tar­moqning barqaror oʻsishida muhim omil boʻldi. Joriy yilda Sariosiyo shahridagi aerodrom va Andijon xalqaro aeroporti toʻliq rekonstruksiya qilindi, shuningdek, Toshkent — Sharqiy negizida zamonaviy aeroport kompleksi foydalanishga topshi­rildi. 2026-yilda turizmni rivojlanti­rish maqsadida Arnasoy aerodromini ochish va Zarafshon aerodromini rekonstruksiya qilishni boshlash rejalashtirilgan. Yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishi uzoq muddatli strategik loyiha boʻlib qolmoqda. Bu mamlakatni mintaqaning yirik aviatsiya xabiga aylantirishga xizmat qiladi.

Strategik ahamiyatga ega koʻrsatkich

Keng koʻlamli xalqaro transport lo­yihalari mamlakatimizni mintaqaviy va qitʼalararo logistikaning asosiy boʻgʻiniga aylantirish boʻyicha izchil siyosatdan dalolat­dir. Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston te­mir yoʻli qurilishi boshlanishi, shuningdek, Transafgʻon temir yoʻl yoʻlagini ilgari surish boʻyicha amaliy qadamlar jahon bozorlariga chiqishning yangi yoʻnalishlarini shakllan­tiradi va tashqi savdo oqimlarini diversi­fikatsiya qiladi. Shu bilan birga, elektron ruxsatnomalarni joriy etish, ortiqcha toʻ­lovlarni bekor qilish va milliy tashuvchilar manfaatlarini himoyalash ichki transport sektori raqobatbardoshligini oshiradi.

Barqaror iqtisodiy oʻsishda xalqaro transport va transport yoʻlaklarini rivoj­lantirish strategik ahamiyatga ega. Bu tran­zit hajmini sezilarli darajada oshirish, logistika xarajatlarini kamaytirish va mamlakatning global taʼminot zanjirlari tizimidagi mavqeini mustahkamlashga im­kon beradi.

Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temir yoʻli loyihasi strategik rejalash­tirishdan xalqaro transport yoʻlagini shakllantirishning amaliy bosqichiga oʻtilganini anglatadi. Ishlar koʻlami mam­lakat transport-logistika tizimi uchun lo­yihaning ustuvorligidan dalolat beradi. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning sub­pudratchi sifatida ishtirok etishi milliy kompetensiyalarning xalqaro loyihaga in­tegratsiyalashuvini taʼminlaydi va mahal­liy sanoat hamda bandlik uchun qoʻshimcha samara beradi.

Shu bilan birga, Transafgʻon temir yoʻl loyihasini amalga oshirish orqali janubiy portlarga chiqishning muqobil yoʻnalishla­rini yaratish boʻyicha tizimli ishlar qilin­moqda. Afgʻoniston va Pokiston bilan uch tomonlama bitimlar imzolanishi, muhandis­lik-texnik tadqiqotlarni yakuniga yetkazish va texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlash yangi Yevroosiyo yoʻlagini shakllantirishga asos yara­tadi. Ushbu yoʻnalishga nafaqat infratuzilma loyihasi, balki uzoq muddatli iqtisodiy in­tegratsiya, tranzit salohiyatini kengaytirish va tashqi savdo aloqalarini diversifikatsiya qilish vositasi sifatida ham qaralmoqda.

Temir yoʻl infratuzilmasini rivojlan­tirishga xalqaro avtomobil transporti uchun sharoitlarni yaxshilash muhim toʻldirish boʻl­di. “E-permit” elektron ruxsat berish tizimi­ni joriy etish, diskriminatsion toʻlovlarni bekor qilish va qator mamlakatlar bilan huj­jatlar aylanishining raqamlashtirilishi milliy tashuvchilar uchun maʼmuriy va mo­liyaviy toʻsiqlarni sezilarli darajada ka­maytirdi. Bu asosiy multimodal yoʻlaklar, jumladan, transport hajmi barqaror koʻpa­yishi koʻp bor qayd etilgan Xitoy — Qirgʻi­ziston — Oʻzbekiston va Transkaspiy xalqa­ro transport yoʻnalishi boʻylab yuk oqimlari oʻsishiga toʻgʻridan toʻgʻri taʼsir qildi.

Umuman olganda, koʻrilayotgan chora-tad­birlar infratuzilma investitsiyalari, ins­titutsional islohotlar va raqamli yechim­larni birlashtirgan xalqaro transport aloqalarini rivojlantirishning kompleks modelini shakllantiradi. Joriy yilning 11 oyida 20 ming kilometrdan ziyod avtomobil yoʻlini rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ushbu strategiyani toʻldiradi hamda ichki transport tarmogʻi va xalqaro yoʻlaklar oʻrta­sidagi mustahkam bogʻlanishni taʼminlaydi.

Yoʻl xoʻjaligi modernizatsiya qilinmoqda

Hisobot davrida yoʻllarni boshqarish so­hasidagi loyihalarni amalga oshirish hudud­larning bir-biriga bogʻlanishi, transport imkoniyatlari va xavfsizligiga qaratilgan. Xiva yer osti avtomobil yoʻli va Bekobod tu­manida Sirdaryo orqali oʻtuvchi yangi koʻprik ishga tushirilishi transport oqimlarini yengillashtirish va yoʻldagi vaqtni qisqarti­rish borasida muhim infratuzilmaviy yechim­ga aylandi.

Jizzax viloyatidagi loyihalar ham kat­ta samara berdi. Bu yerda yangi yoʻl yoʻnalishi hamda yoʻl oʻtkazgich qurilishi M-39 magist­ral yoʻli bilan toʻgʻridan toʻgʻri va xavfsiz aloqani taʼminladi. Yoʻnalishlarning sezi­larli darajada qisqarishi va yangi obyektlar­ning yuqori oʻtkazuvchanligi mintaqa tranzit salohiyatini oshirdi, yoʻlovchilar va yuk ta­shish uchun sharoitlarni yaxshiladi. Olimpiya shaharchasi hududida avtomobil va sport yoʻllari qurilishi shahar muhitini kompleks rivojlantirishning qoʻshimcha elementi boʻl­ganini taʼkidlash joiz va bu transport ham­da ijtimoiy shaharsozlikdagi ustuvorliklar uygʻunlashib ketganidan dalolat beradi.

Shu bilan birga, butun mamlakat boʻylab yoʻl tarmogʻini taʼmirlash va modernizatsiya­lash koʻlami kengaymoqda. Yil yakuniga qadar turli ahamiyatga ega oʻn minglab kilometr yoʻlni normativ holatga keltirish rejalash­tirilgan. Davlat-xususiy sheriklik, xususan, Toshkent — Andijon va Toshkent — Samar­qand loyihalari asosida pulli avtomobil yoʻllarini rivojlantirish strategik yoʻna­lishga aylanmoqda. Shu bilan birga, xalqa­ro moliya institutlari ishtirokida asosiy milliy va mintaqalararo yoʻllarni qamrab oluvchi yirik loyihalar ishga tushirilmoqda. Ushbu chora-tadbirlarning bari yoʻl infratu­zilmasini barqaror rivojlantirish, inves­titsion jozibadorlikni oshirish va mamla­katimizning xalqaro transport oqimlariga integratsiyalashuvi uchun uzoq muddatli asos boʻlib xizmat qiladi.

 

Mamanbiy OMAROV,
Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining
birinchi oʻrinbosari