Yangi shtammning boshoq oqsilida hujayra bilan o'zaro ta'sirga kirishadigan mutatsiyalari mavjud. Aynan shu oqsil virusning inson organizmiga kirib olishiga sabab bo'ladi.

“Serber” BA.5 koronavirus shtammining subvariantidir. U oqsilda qo'shimcha R346T, K444T va N460K mutatsiyalarini o'z ichiga oladi.

Rospotrebnadzorning Markaziy epidemiologiya ilmiy-tadqiqot instituti genomika tadqiqotlari laboratoriyasi rahbari Komil Hafizovning so'zlariga ko'ra, deyarli barcha qit'alarda mazkur yangi mutatsiya aniqlangan.

Shifokorlarning fikriga ko'ra, mazkur koronavirus infeksiyasi juda yengil kechadi va “Delta” shtammidagi kabi oqibatlarga olib kelmaydi.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, koronavirusning barcha variantlari, shu jumladan, “Serber” ham evolyutsiyasi tufayli oldingi shtammlarga qaraganda yuqumliroq bo'lishi mumkin.

Tibbiyot fanlari doktori Vladislav Jemchugov “Moskva 24” telekanaliga bergan intervyusida aytganidek, “Serber” koronavirusi subvariantini yuqtirganlar burun oqishi, yo'tal, bosh og'rig'i va mushak og'rig'ini boshdan kechirishlari mumkin.

Jemchugovning so'zlariga ko'ra, koronavirus variantlari simptomlari bo'yicha o'xshash bo'lgani uchun odamning ulardan qaysi biri bilan kasallanganini faqat test yordamida aniqlash mumkin.