17 iyun sanasida yurtimizda koronavirus infektsiyasi tasdiqlangan 189 nafar bemorning 13 nafari aholi orasida aniqlangan bo‘lsa, 18-iyun kuni esa 85 nafar bemordan 28 nafari aholi orasida tasdiqlandi. Ikki kunlik ma’lumotga ko‘ra, umumiy kasallanish ko‘rsatkichi pasaygan bo‘lsa-da, aholi orasida koronavirusga chalinish holati keskin  oshganini ko‘rish mumkin.

18-iyun kuni aholi orasida koronavirus aniqlanish holatlarini hududlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak, Toshkent viloyatida 14 nafar, Toshkent viloyatida 13 nafar, Qashqadaryo viloyatida esa 1 nafarni tashkil etdi.

Jumladan, Toshkent viloyatida Toshkent tumanida yashovchi fuqaroda, Zangiota tumanida yashovchi fuqaro va uning uch nafar oila a’zosida, O'rtachirchiq tumanida yashovchi 9 nafar fuqaroda, shuningdek, chaqiriq bo‘yicha tez tibbiy yordam mashinasida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi qabul bo‘limiga olib kelingan bemorda kasallik qayd etilgan.

Bugun Soat 10  00 qadar kasallik aniqlangan 88 nafar bemordan 10 nafari Toshkent shahrida aholi orasida qayd etilgan. Jumladan, Yunusobod tumanida yashovchi taksi haydovchisida (o‘zi kelib namuna topshirgan), tana harorati ko‘tarilgach shifokorga murojaat qilgan Olmazor tumanida yashovchi uy bekasida, Uchtepa tumanida yashab, Sergeli tumanida oziq-ovqat do‘konida ishlovchi sotuvchida, xuddi shu tumandagi tug‘ruq ta’tilida bo‘lgan uy bekasining( shu yilning 13 iyunidan tana harorati ko‘tarila boshlagan) o‘g‘li va qizida hamda yana Uchtepa tumanidagi yakka tartibdagi tadbirkorda (o‘zi borib tahlil topshirgan), Shayxontohur tumanida yashovchi fuqaroda (12 iyundan tana harorati ko‘tarila boshlagan) ham koronavirus infektsiyasi tasdiqlangan. Mazkur kasallik aniqlangan fuqarolarning aksariyati tana harorati ko‘tarilgach, shifoxonaga murojaat qilishgan va namuna topshirishgan.

Ayni paytda ushbu holatlar yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, koronavirus aniqlangan poytaxtlik fuqaroning tug‘ilgan kun munosabati bilan o‘tkazgan tadbirida ishtirok etgan 13 nafar oila a’zosi va qarindoshlariga yuqtirgani barchamizni xushyor torttirishi lozim.

Shu bois, shu kunlarda  turli marosim va tadbirlar o‘tkazishdan vaqtinchalik tiyilib turishimiz, imkon qadar odamlarni to‘plamaslikka, aholi gavjum joylardan uzoqroq bo‘lishimiz o‘zimiz va yaqinlarimizning salomatligi uchun eng muhim qoida ekanligini unutmasligimiz kerak. Shu o‘rinda hozir birgina ana shu voqea sabab qancha  kishi uy va statsoinar karantinga olinganligini aytishni hojati ham  bo‘lmasa kerak.

Xavotirli vaziyatdan kelib chiqqan holda Sog‘liqni saqlash vazirligi, yana bir bor, aholini, jumladan, faoliyati tiklangan sohalarda mehnat qilayotgan fuqarolarni xushyorlikni yo‘qotmagan holda, karantin qoidalariga qat'iy rioya etishlarini so‘rab qoladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.