Tunov kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Ayni paytda eng vatanparvar xalq qaysi?” deya bir nechta variantdan iborat soʻrovnoma joyladim. Hamma oʻz bilganini ilgari sura boshladi. Kimdir koʻchalarida bayrogʻi hilpirab turgan turklarni vatanparvar, desa, boshqa birov hamma joyni oʻz uyidek ozoda tutadigan yaponlarni maqtashga tushdi.
Baʼzilar butun dunyo ahlining qoʻliga “Ayfon”ini tutqazib qoʻygan AQSHni, ayrimlar esa “Jumong”, “Tangem” kabi tarixiy seriallarni ishlagan Janubiy Koreyaning aholisini eng vatanparvar xalq deb taʼrifladi. Biroq deyarli hech kim “Oʻsha vatanparvar — bizmiz”, demadi.
Odamlarga boshqa bunday savol bermaydigan boʻldim. Soʻrovnomani ham tag-tugi bilan oʻchirib yubordim. Nahot oramizda vatanparvarlar boʻlmasa? Har safar 14-yanvar — Vatan himoyachilari kunida tugʻilganimni faxr bilan aytsam, odamlar “Tugʻma vatanparvar ekansiz-da”, deya hazillashadi. Har gal qaddimni kerib, “Albatta”, derdim. Ammo yuqoridagi voqeadan keyin oʻylanib qoldim.
Soʻng tevarak-atrofimdan vatanparvar insonlarni qidira boshladim. Bilasizmi, son-sanoqsiz vatanparvar yurtdoshlarimizni topdim. Ha, ular biz bilan shundoq yonma-yon yashamoqda. Lekin biz ularni payqamaymiz. Sababi “Kichkina tabib” filmida aytilganidek, qalbimizdan “Kichkina qanotlari bor oppoq farishtalar ketib qolgan”ida boʻlsa kerak. “Vatanparvar” soʻziga bunday munosabat esa uning siyqasini chiqarib qoʻllaganimizda boʻlsa ne ajab. Odatda vatanparvarlik, millatsevarlik, xalqparvarlik kabi soʻzlar qancha koʻp aytilsa, ohori shuncha tez toʻkiladi. Holbuki, bunday fazilatlar aytilmaydi, koʻrsatiladi. Kimdir qaysidir ezgu ishi bilan koʻrsatsa, biz uni his qilamiz. Men sizga aytib bermoqchi boʻlgan hikoyalar vatanparvarlikning asl mohiyati haqida soʻzlaydi. Ular ertakka oʻxshab tuyuladi. Ammo sizni uxlatmaydi, aksincha uygʻotadi. Qor qoplagan tuygʻularingizning chechak kabi ochilishiga turtki beradi. Qalbingizni quvvatlantiradi. Axir ular — uygʻotuvchi ertaklar.
U insonparvarlik
Quyosh allaqachon togʻlar ortiga choʻkkan edi. Ammo anhor boʻyida oʻtirgan uch qizaloq oʻyin bilan ovora boʻlib, qosh qorayayotganini payqamadi. Pishqirib oqayotgan Boʻrijar kanalidagi suv xuddi boʻriga oʻxshab uv tortardi. Biroq uning ovozini katta shaharning shovqin-suroni yutib yuborardi.
Qizaloqlardan biri uyiga ketmoqchi ekanini aytgach, oʻyin toʻxtadi. Boshqasi esa avval oyogʻini yuvib olishini aytib, anhor tomon yugurdi. Suv boʻyiga yaqinlashganda, toʻsatdan sirpanib, kanal ichiga tushib ketdi. Uning qichqirigʻini eshitgan dugonasi yordam berish uchun oʻzini suvga otdi. Ammo u ham choʻka boshladi. Uchinchi qiz esa nima qilishini bilmay qoldi. Soʻng xayolini yigʻib, odamlarni yordamga chaqirdi. Shu atrofdan oʻtib ketayotgan bir ayol koʻmakka shoshildi. Ammo qizlardan biri qirgʻoqqa yaqinroqda boʻlsa, ikkinchisi kanal oʻrtasida oqib borardi.
Ayol qirgʻoqqa yaqin qizni qutqarishga urindi. Biroq ikkinchi qizni suv oqim boʻylab olib ketdi. Shu tobda kanal yaqinida yashovchi Abdumannop Samikovning koʻzi oqib ketayotgan qizchaga tushib qoldi. Avvaliga suvdagi bolaga qarab, uni oʻzining bolasi deb gumon qildi va ortida turgan oʻgʻliga: “Qara, ukang oqib ketyapti!” deya baqirgancha suv tomon yugurdi. Kanal boʻyiga tushishdan oldin oʻgʻli bu uning ukasi emasligini, ukasi hovlida oʻynab yurganini aytdi.
Abdumannop aka suvga sakradi va choʻkayotgan qizaloqni tutib qoldi. Norasidani suv boʻyiga olib keldi, ammo oʻzi suvdan yuqoriga koʻtarila olmadi. Katta oʻgʻli otasining qiyin ahvolda qolganini koʻrib, oʻzini suvga otdi. Abdumannop aka oqimga qarshilik qilishdan juda horigandi. Qoʻlidagi bolani oʻgʻliga berdi-yu, oʻzi gʻarq boʻldi. Bu orada boshqalar yordamga kelib, yigitni va qizaloqni qutqardi. Ammo qahramonning oʻzi suvga tushgan nurdek gʻoyib boʻlgandi...
2025-yil 3-may kuni sodir boʻlgan ushbu koʻngilsiz voqeada ikki qizaloqning ham joni omon qoldi, ammo bir vatandoshimiz bu ezgu ish yoʻlida oʻzini fido qildi. Ayting-chi, bu ishni insonparvarlik, xalqsevarlik demay boʻladimi? Aslida, mana shuning oʻzi vatanparvarlik emasmi?
Oradan bir oy oʻtib, Prezidentimizning “Bir guruh fuqarolarni “Jasorat” medali bilan mukofotlash toʻgʻrisida”gi farmoniga koʻra, qahramonlik koʻrsatgan yurtdoshlarimizning matonati va insoniy fazilatlari eʼtirof etildi hamda davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Ular orasida Abdumannop Samikov ham bor edi...
Fidoyilik
Pandemiya butun dunyoni tahlikaga solgan davrlar edi. Oʻshanda odamlar har kuni qancha odam koronavirus tufayli vafot etgani haqidagi statistikani oʻqib, tirik qolgani uchun shukrona aytardi. Mamlakatimizda ham qatʼiy karantin tartibi oʻrnatilgan edi.
Oʻsha kezlarda Sogʻliqni saqlash vazirligida ishlardim. Bir kuni rahbarimiz kelib: “Tez tayyorlaning, jurnalistlar bilan Zangiotadagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga borib, u yerdagi jarayonni batafsil yoritib kelasiz”, dedi. Shifoxonada maxsus karantin hududi tashkil etilib, koronavirus bilan kasallanganlar davolanayotgan edi. Avvaliga yuragim uvushib, peshonamdan sovuq ter chiqqanday boʻldi. Jon degani shirin ekan-da. Ayniqsa, har kuni eʼlon qilinayotgan oʻlim haqidagi xabarlar kishida vahima uygʻotarkan. Bu hudud sogʻlom odam uchun naq virusning oʻchogʻi edi axir. Boʻlmadi, oxiri jurʼat topib: “Menmi?” deb soʻradim ovozim qaltirab. “Ha, siz. Qaysidir kuni men ham borib keldim. Mana yuribman-ku”, dedi rahbarimiz oʻta xotirjamlik bilan.
Xullas, 10-20 chogʻli jurnalist bilan aytilgan manzilga bordik. Kirishimizdan oldin shifokorlar karantin talablari va bemorlar bilan xavfsiz muloqot talablarini tushuntirdi. Maxsus himoya kiyimlari berildi.
U yerda shifokor va hamshiralarning bemorlarni davolash uchun jonini jabborga berib ishlayotganini koʻrgach, ichimdagi hadikdan asar ham qolmadi. Oq libos egalari oʻz hayotini xatarga qoʻyib, xastalar tuzalishi uchun astoydil kurashayotgan edi. Oʻshanda kasbga sadoqat, fidoyilik qanday boʻlishini teran his qildim. Xalq uchun fidoyilik bilan xizmat qilgan bunday insonlarni vatanparvar, desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi.
Ortiqcha taʼrifu tavsifga zarurat yoʻq. Zotan, bu davrni birga boshdan kechirdik. Shifokorlarning fidoyiligini oʻz koʻzimiz bilan koʻrdik. Agar bir oz yodingizdan koʻtarilgan boʻlsa, Toshkent shahridagi Gʻalaba bogʻi yodgorlik majmuasi yonidagi “Tibbiyot xodimlari xotirasi” xiyobonini sayr qiling. Bu yerda pandemiya paytida bemorlar hayotini qutqarish uchun oʻzini fido qilgan shifokorlar va hamshiralar haqida maʼlumotlarga ega boʻlasiz.
Qahramonlik
— Endi iloji yoʻq.
— Bizni “sindirishdi”.
Kiyinish xonasida turnaqator tizilib oʻtirgan oʻsmirlarning xayolida mana shu fikr aylanardi. Ular bu soʻzlarni oshkora aytishdan, bir-biriga umidsiz nigohini koʻrsatishdan iymanardi.
Barcha boshini quyi solib oʻtirardi. Zinhor bir-biriga tik qaramasdi. Chunki hali oʻyin tugamagan, koʻzidagi yoshni jamoadoshiga koʻrsatgisi kelmasdi. Axir koʻz koʻzga tushganida bexosdan ichdagi soʻzlarni aytib yuborish, oʻzining umidsizligini jamoadoshiga ham yuqtirish mumkin edi.
Shu payt xonaga murabbiy kirib keldi. U shogirdlarining nigohiga boqdi. Chunki murabbiy koʻzidagi ishonch, umid, jasorat, vatanparvarlik tuygʻularini shogirdlari koʻngliga koʻchirishi kerak edi. U “Gʻalaba qozonishni xohlaysizlarmi?” deb soʻradi. Hech kim javob bermadi — axir shusiz ham hammasi tushunarli edi — zafar quchishni kim istamaydi?! Murabbiy ishonch va qatʼiyat bilan soʻzida davom etdi: “Agar gʻalaba qozonishni istasangiz, kurashing. Chunki oʻyin taqdirini oʻzingizdan boshqa hech kim oʻzgartira olmaydi... Vatan shaʼni, millat gʻururini himoya qiling!”.
Murabbiy ovozidagi dadillik futbolchilarning ruhini koʻtardi. Koʻzlaridagi ishonch choʻgʻi esa shogirdlarining tuygʻularini alangalatib yubordi.
Keyin yashil maydonda nima sodir boʻlganiga barchamiz guvoh boʻldik. 2025-yil 20-aprel. Futbol boʻyicha Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi Osiyo kubogi finalida turnir mezbonlarini 2:0 hisobida magʻlub etib, chempion boʻldi. Eng hayratlanarlisi, oʻzbekistonliklar birinchi boʻlimning oʻzidayoq ikkita qizil kartochka olib, 9 kishi boʻlib qolgandi.
Oʻyinni kuzatgan millionlab yurtdoshlarimiz payqagandir: yigitlarimizning birinchi boʻlimidagi harakatidan ikkinchi boʻlimdagi oʻyini farq qilardi. Sababi endi ular faqat mahorat va jismoniy kuchga emas, balki matonat, or-nomus, gʻurur, millatsevarlik va vatanparvarlik hislariga ham tayanardi. Ularning natijasini hech ikkilanmay qahramonlik deb atashimiz mumkin.
Burch va sadoqat
(Askarning oʻgʻliga maktubi — real voqealarga asoslangan badiiy toʻqima)
Surxondaryo togʻlariga yarim metrli qor yogʻmoqda. Bu yerning izgʻirini tanangni Kalashnikov oʻqidan ham chuqurroq teshib oʻtadi. Yelkamga ogʻir qurol taqilgan holda bu maktubimni yozyapman. Ha, bugun men shunga qaror qildim.
Oʻgʻlim, bu senga yozgan soʻnggi maktubimdir. Agar sen bu xatni oʻqiyotgan boʻlsang, demak, men allaqachon narigi dunyodaman. Nega bu maktubni yozayotganim haqida soʻramoqchimisan? Oʻgʻlim, axir aytishadi-ku, oʻlim kutilmaganda keladi deb. Goʻyo bu biz — askarlar uchun oʻylab topilganga oʻxshaydi.
Ana, men turgan yerdan 100 metr narida chegara toʻsigʻi bor. Oppoq qor ustiga yopilgan zulmatda gʻira-shira koʻzga tashlanadi. Bilasanmi, shu chegaraning narigi tomonida, togʻli afgʻon oʻlkasida urush boʻlmoqda. Oʻlim sharpasi chegara atrofida kezadi. Ammo zinhor va zinhor bu tomon oʻtolmaydi. Men va quroldoshlarim bunga sira yoʻl qoʻymaymiz. Olisga tikkan koʻzlarimizni bir zum yumib ochishga ham haqqimiz yoʻq. Biz buni juda yaxshi bilamiz. Shuning uchun tarbiyalandik. Bizga oʻlimga tik boqish oʻrgatilgan. Ammo inson har qancha mahoratli boʻlmasin, qismat oldida ojiz qolarkan. Xizmat davomida bunga koʻp guvoh boʻldim. Shuning uchun senga aytmoqchi boʻlgan, qalbimdagi soʻzlarni qogʻozga tushiryapman. Agar uyga eson-omon qaytib borsam, bu xatni yirtib tashlayman.
Eng qizigʻi nima, bilasanmi? Men hatto oʻlimim sababi nima ekanini ham bilmayman. Balki chegara atrofiga koʻmilgan minglab minalardan birini bosib qoʻygan boʻlaman. Yoki chegara ortidan adashib kelgan daydi oʻq koʻksimni teshib oʻtgan boʻladi. Anigʻini bilmayman. Ammo shuni yaxshi bilamanki, agar bu maktubni oʻqiyotgan boʻlsang, endi hayot senga oson boʻlmaydi. Ha, sen tuyayotgan tuygʻularni men ham his etganman. Men otasiz oʻsish nima ekanini yaxshi bilaman. Otam bizni tashlab ketgan. Ikki norasida goʻdak — akam bilan meni onamning yolgʻiz oʻzi katta qilgan. Bu maktubni oʻqigan paytingda sen endi yosh bola emassan. Kap-katta yigitsan, bir oilaning boshisan. Bu masʼuliyatni, yukni senga meros qilib qoldiryapman.
Oʻgʻlim, hayotning ikir-chikirlariga eʼtibor berma. Oldingga katta maqsad qoʻy va unga intilib yasha. Onangni, singillaringni doim himoya qil. Maktabdagi tengdoshlaringning gap-soʻzlaridan jahling chiqmasin. Ular hali yosh bola, ulgʻaygach, seni tushunishadi. Nohaqlik oldida jim turma, ammo urishib-soʻkishishdan foyda yoʻq, buni ham unutma. Haqiqatga urush bilan erishib boʻlmaydi.
“Ertaga “otalar majlisi”, hammaning otasi kelishi shart”, deydigan, 30-40 chogʻli sinfdoshing orasida “Otasi yoʻqlar qoʻlini koʻtarsin”, deydigan oʻqituvchilaring bilan talashma. Amakingga aytsang, oʻrnimga majlisga boradi. 9-may yoki 14-yanvarda faxriy yorliq, sovgʻa-salom koʻtarib keladigan, seni bagʻriga bosib kamera oldida jilmayib turadigan masʼullardan jahling chiqmasin. Ular ham oʻz vazifasini bajaryapti.
Soʻnggi oʻgitim: hech qachon “Otam yoʻq”, deb boshingni egma. “Yetimmisan?” deb soʻrasa, mulzam boʻlma. Sen nega boshingni egishing, nega mulzam boʻlishing kerak?!
Axir men yurtdan olisda, odamlarning tinchini buzib, buzgʻunchilik qilib oʻlmadim. Hatto kasallikdan yoki kutilmagan avtohalokatdan umrim poyoniga yetmadi. Men shu Vatan uchun, xalq uchun, sening kelajaging uchun jon fido qildim. Sen bunday savol berganlarning koʻziga qarab: “Ha, otam yoʻq. Otam sen va mana shu xalqning tinchligi, davlatning kelajagi uchun fido boʻlgan”, deb ayt.
Oʻgʻlim, men qanday vafot etishimni bilmayman, ammo qanday yashaganimni, nima uchun jonimni qurbon qilganimni yaxshi bilaman. Shuni unutma: ichgan ontimga, burchimga sodiq qoldim. Men Vatan oldidagi soʻnggi vazifamni bajardim. Seni oʻqitib, yaxshi odam qilib yetishtirsa, xalqimiz, davlatimizdan rozi boʻlaman. Oʻgʻlim, men seni juda yaxshi koʻraman.
Ezgulik
Maqolaga nuqta qoʻyarkanman, eshik taqilladi. Sahifalovchimiz kelib, gazeta tayyor boʻlganini, bosmaxonaga olib borish kerakligini aytdi. Bosmaxonaga bordim. Gazetani chop etib, shahar tashqarisidagi boshpanam tomon yoʻl oldim.
Tun chekinib, asta-sekin tong yorishib kelmoqda. Qishning ayni chillasi. Koʻchada qolib ketsangiz, tunning qora sovugʻidan jon saqlab qolarsiz, ammo ertalabki izgʻirinning zahri tanangizni falajlay deydi. Menga bu sovuq taʼsir etmayapti, chunki issiqqina mashinada uyga qaytyapman. Mashina derazasidan tashqariga qarayman.
Koʻchada ish qurollarini koʻtarib olgan obodonlashtirish boʻlimi xodimlariga koʻzim tushdi. Bu sovuqning zahrini ular sezayotgan boʻlsa kerak. Ular sovuq qilichini mehnat oʻti bilan yengyapti.
Bir oz yurgandan soʻng koʻcha chetida yorilgan quvurni suv kechib tuzatayotgan odamlarga koʻzim tushdi. Ularni koʻrib ichimga sovuq havo kirganday boʻldi. Yana mashina oynasidan elektr simini koʻtarib, simyogʻochga tirmashib chiqayotgan odamni koʻrdim. Xayolimga “Mana bu insonlar ham vatanparvar” degan gap keldi. Fikrimni jamlab, vatanparvarlik bu — halol mehnat, oʻz ishini sidqidildan bajarish deb xulosa qildim.
Hatto olis mamlakatlarda yuk mashina haydab, sovuq oʻrmonlarda ishlab, uyga pul yuborish ham vatanparvarlikdir. Axir ular oilasi yaxshi yashashi uchun ishlayapti. Oila esa Vatan ichidagi kichik bir vatan.
Keyin vatanparvarlikning boshqa qirralarini ham kashf qildim. Oxiri, shunday xulosaga keldim: vatanparvarlik bu — barcha ezgu ishlar inʼikosidir.
Shunda haydovchi akamiz “Sanjarbek, bugun tugʻilgan kuningiz ekan”, deya savol berib xayolimni boʻldi. “Zoʻr kunda tugʻilgan ekansiz, qoʻshaloq bayramlar muborak boʻlsin. 14-yanvarda tugʻilish har kimga ham emas. “Tugʻma” vatanparvar ekansiz-da”, deb tabassum qildi.
“Ha, albatta”, dedim ogʻzimni toʻldirib, quvnoq ohangda. Tabrik uchun rahmat aytib, yana xayollar ogʻushiga choʻmdim. Atoqli shoiramiz Halima Xudoyberdiyevaning ushbu satrlarini takrorladim:
Kunduz yurib yozdim, tun turib yozdim,
Yozganda koʻksimga tigʻ urib yozdim.
Dardlarimga siyoh kor qilmay qolgach,
Qalamni qonimga botirib yozdim.
Qon asli yorugʻlik. Yorugʻlan, tiz choʻk,
Asl mard Vatanga tiz choʻkib oʻtar.
Qancha qoning boʻlsa — Vatan uchun toʻk,
Qancha shoning boʻlsa — Vatanni koʻtar!
Sanjar ESHMURODOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri