Tugʻuruqxonada homilador ayol toʻrt egizagi bilan vafot etdi

    Sogʻliqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan rasmiy izoh berdi.

    Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatidagi tugʻuruqxonada homilador ayol 4 nafar egizak chaqalogʻi bilan vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi axborot xizmati maʼlum qilishicha, 2024-yil 13-yanvar soat 21:10 da Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filiali 1-akusherlik boʻlimiga Davlatobod tumani “Nurobod” MFY da yashovchi 2002-yilda tugʻilgan fuqaro M.M. kuchli tugʻuruqoldi ogʻrigʻi bilan ogʻir ahvolda olib kelingan.

    Qabul vaqtida unga “1-homiladorlik, 24 hafta 1 kun. Koʻp homilalik. (toʻrt egiz homila). Uretrogidronefroz 3-darajasi. Surunkali anemiya oʻrta darajasi” dastlabki tashxisi qoʻyilgan.

    Ayolda mazkur homiladorlik tushish xavfi va uretrogidronefroz 2-, 3-daraja bilan kechgan. Shu sababli M.M. uch marta markazning homiladorlarni davolash boʻlimida zarur muolajalar olgan.

    Oʻsha paytda ayolning yaqinlariga 4 egiz homila muddatiga yetib, tugʻilishi qiyin ekanligi va buyraklar uretrogidronefrozi 2-, 3-darajasi homilador salomatligida jiddiy asoratlar berishi mumkinligi haqida tushuntirilgan.

    Ayol tibbiy nazoratda boʻlgan vaqtda unga antibakterial terapiya va distress sindrom profilaktikasi oʻtkazilgan.

    2024-yil 14-yanvar kuni soat 23:00 da bemorda ogʻriq kuchayib, oʻta qisqa vaqtda homilaning patologik tushishi kuzatilgan. Homilalarning vazni 410 gr, 380 gr, 390 gr va 400 grammdan iborat boʻlgan.

    Shundan keyin ayol bachadoni instrumental tozalanib, ginekologiya boʻlimiga oʻtkazilgan. Biroq 15-yanvar soat 06:50 da bemorning ahvoli keskin yomonlashib, unda klinik oʻlim holati yuz bergan. Ayol darhol sunʼiy nafas olish uskunasiga ulanib, birlamchi reanimatsion choralar koʻrilishiga qaramasdan shu kuni soat 07:10 da unda biologik oʻlim kuzatilgan.

    Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga koʻra, bemorning oʻlimiga oʻpka arteriyalarining massiv tromboemboliyasi va oʻtkir yurak-qon tomir nafas yetishmovchiligi sabab boʻlgan.

    Hozirda mazkur holat boʻyicha prokuratura xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Ushbu holat sabablariga oydinlik kiritilgach, qoʻshimcha axborot beriladi.