O‘zbekiston vakillari “Jahon Qurʼon soati” tadbirida ishtirok etdilar

    Madaniyat 9 May 2021 1695

    Mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari Malayziya Islom sayyohligi markazi va “Warisan Ummah Ikhlas” maʼnaviy-maʼrifiy jamg‘armasi hamkorligida tashkil etilgan “Jahon Qurʼon soati” (World #QuranHour) onlayn-tadbirida qatnashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

    2009-yil tashkil etilgan Malayziya Islom turizmi markazi mamlakat Sayyohlik, sanʼat va madaniyat vazirligining boʻlinmasi hisoblanadi. Ushbu markaz mamlakatning Islom sayyohligini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchi idorasi sifatida oʻz vazifalarini bajaradi.

    “Warisan Ummah Ikhlas” jamgʻarmasi esa 2013-yili Islom dinini hamda musulmonlarning muqaddas kitobi – Qurʼoni karimning asl mohiyatini yoyish va ommalashtirish, hamjihatlik va oʻzaro tinchlikda yashash gʻoyalarini targʻib etish maqsadida taʼsis etilgan.

    “Jahon Qurʼon soati” tadbiri 2015-yildan buyon har yili oʻtkazib kelinadi. Bundan koʻzlangan maqsad jamoatchilikni Islom sivilizatsiyasining bosh maʼnaviy merosi bilan tanishtirish, Islomning tom maʼnodagi insonparvarlik mohiyatini yoyish hamda ziyorat sayyohligini rivojlantirish bilan izohlanadi. Joriy yil ushbu tadbir qatnashchilarining joʻgʻrofiyasi dunyoning 80 dan ziyod mamlakatini qamrab oldi.

    Mazkur onlayn-tadbir “Facebook” ijtimoiy tarmogʻi hamda Malayziyaning yirik axborot resurslari, jumladan, “Radio Televisyen Malaysia” davlat teleradiokompaniyasi, “Bernama TV” milliy axborot agentligi televideniyesi, “Astro Oasis”, “TV Alhijrah” va boshqa telekanallar orqali toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatildi.

    Tadbir chogʻida maʼrifiy Islomni oʻrganish, keng jamoatchilikning insoniyat tafakkuri xazinasini boyitishga bebaho hissa qoʻshgan, falsafa, dinshunoslik va huquqiy ilmlarni sifat jihatdan yangi darajaga olib chiqqan Islom ulamolari va mutafakkirlarining merosi haqidagi xabardorligini oshirish muhimligi qayd etildi. Shu oʻrinda Imom Buxoriy va Imom Termiziy singari yirik va mashhur allomalarning boy maʼnaviy-ahloqiy merosiga alohida eʼtibor qaratildi.

    Mazkur dasturda Oʻzbekiston vakillarining ishtiroki buyuk olimlar, Islom uygʻonishi davri mutafakkirlari va ulamolarining vatani, madaniyatlararo va dinlararo hamjihatlikda yashash boʻyicha boy tajriba toʻplagan Oʻzbekiston haqidagi xalqaro xabardorlik darajasini yana-da oshirish uchun ijobiy omil boʻlib xizmat qildi. Bu, oʻz navbatida, mamlakatimizning mintaqadagi asosiy ziyorat sayyohligi yoʻnalishi sifatidagi turizm salohiyatini yana-da ilgari surishga ham koʻmaklashadi.