Tumanlarda tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining boʻlinmalari ochiladi

    Biznes 9 Iyul 2020 1790

    8-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish hamda byudjet tushumlarini soʻzsiz taʼminlash chora-tadbirlari muhokama qilindi.

    Pandemiyadan kuchli boʻlib chiqishning birdan bir yoʻli – kichik biznes va tadbirkorlikka qulay muhit yaratish, dedi davlatimiz rahbari.

    Karantin talablarining yumshatilishi natijasida korxonalar faoliyati tiklandi. Biroq 69 mingta tadbirkorning faoliyatini jonlantirish kerakligi, joylardagi rahbarlar 9 oy yakuni boʻyicha ularning kamida 70%ini, yil yakuniga qadar toʻliq quvvat bilan ishlashiga masʼul va javobgarligi belgilandi.

    Tadbirkorlar karantin qoidalariga amal qilishda sanitariya va yongʻin xavfsizligi idoralari tomonidan tushunarsiz va bir-biriga zid talablarga duch kelmoqda. Shu bois, joriy tartiblarni qayta koʻrib chiqib, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda tushunarli shaklda aholiga yetkazish topshirigʻi berildi.

    Oʻtgan yilda roʻyxatdan oʻtgan tadbirkorlarning, yaʼni, yangi biznes subyektlarining 23 mingtasi yoki 24%i bugungi kunda faoliyat koʻrsatmayapti. Masʼul rahbarlar ular bilan muloqot qilishi, tez fursatlarda ularni ishga tushirish choralari koʻrilishi belgilandi.

    Bunda tadbirkorga koʻproq sharoit yaratib berish, jumladan, elektr, gaz, suv taʼminoti, yoʻl, kredit bilan bogʻliq masalalarni yechib berish lozimligi koʻrsatib oʻtildi.

    Faoliyat boshlayotgan kichik biznesni qoʻllab-quvvatlashning mutlaqo yangi tizimini ishlab chiqish topshirigʻi berildi. Bunda:

    • tadbirkorni maxsus kurslarda oʻqitish;
    • subyektni roʻyxatdan oʻtkazish;
    • asbob-uskuna sotib olish xarajatlarining bir qismiga grant ajratish nazarda tutiladi.

    Ushbu tizimning ijrosini taʼminlash uchun hozirda faqat respublika darajasida faoliyat yuritayotgan Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi ishini tumangacha tushirish lozim.

    Soliq tizimini isloh qilish boʻyicha aniq choralar koʻrilishi natijasida biznes ixtiyorida 2019-yilda 12 trln soʻm qoldi, 2020-yilda yana 11 trln soʻm mablagʻ qolishi kutilmoqda. Endi yangi vazifa, yaʼni, “Soliq idorasi – tadbirkorga koʻmakchi” tizimini yoʻlga qoʻyish topshirigʻi berildi.

    1-iyuldan boshlab tadbirkorlarga qoʻshilgan qiymat soligʻining bir qismini qaytarish mexanizmi amalga kiritildi. Ushbu yangilik orqali joriy yilning birgina uchinchi choragida tadbirkorlarga 700 mlrd soʻmni aylanma mablagʻ sifatida oʻzida qoldirish imkoniyati yaratilmoqda. Mutasaddilarga ushbu yangi tizim imkoniyatlarini barcha tadbirkorlar eʼtiboriga yetkazish va ijrosini barcha hududlarda samarali tashkil etish vazifasi yuklatildi.

    Yigʻilishda davlatimiz rahbari byudjet daromadlari ijrosini taʼminlash yuzasidan qator topshiriqlar berdi.

    Shuningdek, kambagʻallikni kamaytirish boʻyicha olib borilayotgan ishlarga ham toʻxtab oʻtildi. Davlatimiz rahbari kamida 257 ming nafar muhtoj oilalar vakillarini ishga joylashtirish, 37 mingta xonadonga oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kreditlar ajratish zarurligini qayd etdi.