Xoʻsh, yoshlar oʻzlariga ajratib berilgan yerdan qanday foydalanyapti? Qoʻlida hunari boʻlmagan yigit-qizlar dehqonchilik ilmini kimdan oʻrganyapti? Bahorda ajratilgan yer maydonidagi ekinlardan bugun hosil olinyaptimi? Ushbu savollarga Xorazm viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar misolida javob topishga harakat qildik.
— Prezidentimizning joriy yil fevral oyida Xorazm viloyatiga ikki kunlik tashrifi biz, xivaliklarning ham uzoqni koʻzlagan maqsadli dasturlarimizga nurli yoʻl ochdi. Boʻlib oʻtgan samimiy suhbatlar esa barchamizning koʻnglimizni chogʻ etdi. Davlatimiz rahbari aholini tadbirkorlikka jalb etish, yoshlarni mehnatga oʻrgatib, kasb berish muhimligini, buning uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilishini alohida taʼkidlaganida, oʻz vazifamizga yanada halollik va masʼuliyat bilan yondashishimizni qayta anglagandek boʻldik, — deydi Oʻzbekiston mahallalar uyushmasining Xiva tuman boʻlimi boshligʻi Sanjar Meyliyev. — Davlatimiz rahbarining topshirigʻi ijrosi doirasida Xorazm viloyatida yoshlarga 3 ming gektar, Xiva tumanida esa 200 gektar yer maydonlari ajratib berildi. Tumanimizdagi “mahalla yettiligi” taklifi bilan “Yoshlar daftari” roʻyxatida turgan, ishsiz, daromadi yoʻq 1001 nafar yoshga avval yer ilmi oʻrgatilib, dala ekinlarini ekish boʻyicha koʻnikmalari shakllantirilib, keyin berildi. Tumanimizdagi mavjud 34 ta mahallaning barchasida bugungi kunda tub oʻzgarishlar yuz koʻrsatyapti. Birgina Istiqlol mahallasi misolida oladigan boʻlsak, uch mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan hududda ayni damda 10 ta ishlab chiqarish korxonasi, 30 ga yaqin xizmat koʻrsatish shoxobchasi va bir qancha fermer xoʻjaligi mavjud. Shu yil fevral oyi oxiri, mart oyi boshlarida mahallada istiqomat qiluvchi 21 ta ishsiz yoshga 4,2 gektar yer ajratib berilgan edi. Oʻz yeriga ega boʻlgan yosh dehqonlar shu kunlarda hosilni yigʻib-terib olishmoqda. Birinchi hosil, birinchi daromad ularning nafaqat roʻzgʻoriga baraka beradi, balki oilasiga doimiy tinchlik va oʻziga boʻlgan ishonchni ham orttiradi.
Xiva tumanining Istiqlol mahallasida yashovchi Ozoda Koʻpalova bilan telefon orqali suhbatimiz maroqli boʻldi. Necha yillardan buyon xorijda ishlab yurgan turmush oʻrtogʻi endi yonida tirgak ekanini, farzandlari esa oila bagʻrida yayrab yashayotganini aytganda, yoshgina ayolning hayotida xursand boʻlsa arzigulik yaxshilik va yangilik boʻlibdi deya biz ham quvondik. Ozodaga ham foydalanishi va roʻzgʻorini butlashi uchun yer berilibdi. Bugun u ishsiz uy bekasi emas, balki yer egasi, daromadli dehqon.
— Doimiy ishi boʻlmaganligi uchun turmush oʻrtogʻim chetga ketib yillab oʻsha yerda ishlardi. Oʻgʻlim va qizim bilan jovdirab qolardik. Ishlay desam tuzukroq ishim, foydalanishga esa tomorqamiz yoʻq edi. Koʻzimiz yoʻlda, koʻnglimiz xavotirda, halovatsiz yashardik. Xudoga shukr, mana tirikchilik qilishimiz, toʻkin va toʻkis yashashimiz uchun tuman hokimligi tomonidan yer ajratib berildi. Endi oilamizda ham doimiy xotirjamlik boʻladi, — deydi Ozoda.
Istiqlol mahallasida istiqomat qiluvchi 26 yoshli, Olloshukr Masharipov ham ishsizlik tufayli bir qancha muddat oʻzga yurtda ishlagan va koʻp mashaqqat tortgan. Bugun esa oʻz yeriga ega yosh dehqon, nasib etsa kelgusida tadbirkor boʻlmoqchi. Telefon orqali qilgan muloqotimizda u ham oʻz hayotidan mamnun boʻlib yashayotganligini aytib, bizni yaqinda boʻladigan nikoh toʻyiga lutfan taklif qildi…
— Davlatimiz tomonidan qilingan yaxshi yangilik hayotimga fayz olib kirdi. Toʻgʻrisini aytsam, oʻz yerim boʻladi deb, xayol ham qilmagandim. Yurtimizda kechayotgan oʻzgarishlar men kabi ishsiz, oʻzini qay eshikka urishini bilmay yurgan yoshlar uchun ajoyib imkoniyat. Prezidentimiz qoʻllovi va koʻmagi bilan koʻplar kasbli, daromadli boʻlyapti. Oʻzim ham shu yil bahor fasli boshida yerli boʻldim va hayallamay makkajoʻxori ekdim. Xudo xohlasa, yaqin kunlarda hosilni yigʻishtirib olamiz. Asosiysi, endi oʻzga yurtlarda xor boʻlib, pul topaman deb ish izlab yurishimga hojat qolmadi. Bundan ota-onam va jigarlarim ham xursand. Yaxshi yangiliklar bois shaxsiy hayotimda katta oʻzgarish kuzatilyapti, avgustning oxirlarida toʻyim boʻladi, uylanyapman. Toʻyga kelinglar!
Oiladagi tinchlikka, bagʻri butunlikka nima yetsin. “Oʻz uying, oʻlan toʻshaging” degan maqol bejizga aytilmagan. Mamlakatimizda kechayotgan istiqbolli oʻzgarishlar, islohotlar bois ishsiz yoshlar ishli boʻlmoqda, buning natijasida ularning oilasiga halovat enmoqda. Xorijda ishlab yurgan yigitlar yurtga qaytyapti. Erkagi bor uyda osoyishtalik hukmron boʻladi. Davlatimiz tomonidan yoshlarga berilayotgan yerning har bir qarichi xosiyatli va barakali. Negaki, yoshlar yerni oila aʼzolari bilan hamjihatlikda ekadi, parvarishlaydi, mehnati evaziga toʻkin hosil oladi, eng muhimi, yer minnatli emas. Bu esa yoshlarimizning turmush farovonligi oshib, qadami ildamlashib, oʻzlari har sohada ilgʻorlashib borayotganidan darak, albatta.
Gulchehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri