Oilaviy tadbirkorlarga 5 nafargacha doimiy xodim yollash huquqi berildi

    Ijtimoiy hayot 28 Dekabr 2023 1211

    Prezident tomonidan imzolangan Qonun (OʻRQ-890, 27.12.2023-y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritildi

    “Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra, yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi oilaviy tadbirkorlik subyektlariga 5 nafargacha doimiy xodimni ular bilan mehnat shartnomasini tuzgan holda yollash huquqi berildi (ilgari 3 nafargacha edi).

    Shuningdek, bir oilaviy korxona ishtirokchisiga bir vaqtning oʻzida boshqa oilaviy korxona ishtirokchisi boʻlish huquqi berildi.

    “Bojxona kodeksi”ga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra, davlat hamda nodavlat sport-taʼlim tashkilotlari tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun import qilinadigan maxsus sport kiyim-boshlari, poyabzal, sport anjomlari, jihozlari va uskunalarining 50 foizi uchun bojxona bojini toʻlashdan ozod etish tarzidagi imtiyozlar berildi.

    “Shaharsozlik kodeksi”ga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining shaharsozlik faoliyati obyektlarini qurish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish boʻyicha vakolatlari bekor qilindi.

    Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.