Prezidentimiz Gʻuzor tumanidagi “Pachkamar qorakoʻlchilik” MCHJ bosh choʻponi Parda Normurodovni “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirladi. Biz choʻpon bilan yaqindan tanishish, bunday ehtiromning sirini bilish maqsadida yoʻlga chiqdik...
Yoʻlga chiqishimizdan oldin koʻpchilik Parda choʻpon yashaydigan manzil ancha olisda ekani, har qanday yengil mashina bora olmasligini aytdi. Biz ortga qaytishni istamasdik. Iltimosimizga koʻra, qorakoʻlchilik xoʻjaligining “UAZ” rusumli mashinasida yoʻlga tushdik. Haydovchining aytishicha, u oʻttiz yilga yaqin vaqtdan buyon shu choʻlga qatnar, choʻponlar holidan xabar olish uchun koʻpincha “UAZ”dan foydalanar ekan.
— Mashina yangiligida menga berilgan. Vaqt oʻtib, ikkimiz ham charchab qoldik, — deydi Moʻmin aka hazil ohangida. — Endi birga pensiyaga chiqamiz, shekilli. Koʻrib turganingizdek, bugun bunday texnikalarga ehtiyoj qolmayapti. Faqat bizning hududimizda zarurat uchun foydalaniladi. Siz izlab borayotgan Parda choʻponni ancha yildan buyon taniyman. Juda kamtar, fidoyi inson. Mukofotlanganini eshitib, xursand boʻldik. Oʻzi shu kuni otarni haydab chiqib ketgan ekan. Keyin xabar topdi. Xursandligini koʻrsangiz edi. Dashtda mehnat qilib yurgan mana shunday oddiy odamlar eʼtirof etilgani hammamizni quvontirdi.
Markazdan ancha yurib, Doʻltali qishlogʻiga kirib bordik. Bir oz oʻtib, qishloq ham ortda qoldi. Buyogʻi pastu baland adirliklar boshlandi. Atrofda hech zogʻ koʻzga tashlanmaydi. Haydovchi bir maromda mashinani boshqarib bormoqda. Ancha yoʻl yurilgach, olisdan bir suruv qoʻy koʻrindi. Yaqinlashdik deb oʻylagandik. Ammo haydovchi bu boshqaning otari ekanini aytdi. Dalada biror oʻt-oʻlan oʻsmagan. Yantoqni aytmasa, suruv nima yeb yurganiga hayron qoldik. Haydovchining taʼkidlashicha, ikki marta yomgʻir yogʻib, hartugul choʻl bir oz yaxshilangan. “Shu paytgacha chang-toʻzondan bu atrofda yurib boʻlmasdi”, deydi u.
Bir soatdan ziyod yoʻl bosdik. Rosti, Gʻuzor tumanida shunchalik bepoyon dasht borligi xayolimizga ham kelmagan ekan. Adogʻi koʻrinmaydi. Bir tepalikdan oshar ekanmiz, haydovchi manzilga yaqinlashganimizni aytdi. Bir oz yurib, atrofi simtoʻr bilan oʻralgan qoʻra oʻrtasidagi gʻaramni koʻrdik. Undan narida ikki xonadan iborat, oʻrtasi ayvonli uy. Atrofida boʻribosar itlar yotardi. Mashinadan tushishga ikkilanib turganimizda, quchoq ochib uy egasi chiqib keldi. Gapi samimiy, ochiqkoʻngil kishi Parda choʻpon ekanini bilib, yuksak mukofot bilan tabrikladik. Suhbatimiz tez qovushishi uchun choʻponni sal narida yurgan suruv tomon boshladik.
— Bu yerlarda qoʻy boqishni boshlaganimga ellik yilga yaqinlashib qoldi, — deydi Parda Normurodov. — Shukrki, hamon toʻxtaganim yoʻq. “Daraxt bir joyda koʻkaradi” deganlaridek, shu kasbning etagidan tutib, kam boʻlmadim. Choʻponlikning ham oʻziga yarasha mashaqqati, shunga yarasha rohati ham bor. Bobolarimiz “Suruvni molning tuyogʻidan ham qattiq odam boqadi”, derdi. Bilasizmi, bir paytlar ayolim bilan kechalari suruvning qoʻzilashiga diqqat boʻlib, mijja qoqmagan paytlarimiz koʻp boʻlgan. Gohida yangangiz nolisa, “Ertaga yaxshi kunlar keladi. Mehnatimiz rohatini koʻramiz. Bir kuni buning ragʻbati, albatta, boʻladi”, deya ovutardim. Oʻsha kuni qoʻylarni sugʻorib, endi uyga kirgandim, telefon jiringladi. Aslida, bizda telefon aloqasi yaxshi emas. Charchagan ekanman, telefonni koʻtarib, javob berish yoqmadi. Bir oz oʻtib, yana qoʻngʻiroq boʻldi. Telefonni koʻtardim. Kimligini ham anglamay qoldim. “Mukofot muborak boʻlsin, choʻpon bobo”, deb tabriklab ketsa deng. Nimaligini, qanday mukofotligini ham bila olmay qoldim. Bir ozdan soʻng yana qoʻngʻiroq boʻldi. Endi xoʻjaligimiz raisi ekan. U: “Davlatimiz rahbarining “Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni munosabati bilan soha rivojiga hissa qoʻshgan yurtdoshlarimizdan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida”gi farmoniga koʻra orden bilan taqdirlandingiz, tabriklayman!” degach, tushunib yetdim. Avvaliga shunchaki hazil deb oʻyladim. Ketma-ket aytishgach, ishonch hosil qildim. Yosh boladek quvonganimni koʻrsangiz edi. Dalaga chiqib hayqirgim keldi. Mendek chorvadorning mehnatini ulugʻlagan Prezidentimizga ming rahmat. Bu eʼtirof kuchimga kuch qoʻshdi. Shijoatim toshib, ancha yoshardim.
Quvonchdan toʻlib-toshib gapirayotgan choʻponning hayajoni haligacha bosilmagani bilinib turardi. U kengliklarga termilib, jim qoladi. Goʻyo yoʻqotgan narsasini topganday yana shoshib gap boshlaydi.
— Yaratganning karami keng. Kuz ancha qurgʻoqchil kelganiga barchamiz tashvishga tushgandik, — deydi osmonga ishora qilib u. — Shukrki, mana yomgʻir yogʻa boshladi. Bu rizq-baraka degani. Chorvaga xayrli boʻladi. Dehqonga umid bagʻishlaydi. Omborlar donga toʻladi.
Suhbatdoshimizni suratga tushirmoqchi ekanimizni aytgandik, “hozir”, degancha uyiga shoshildi. Birpasda ohorli libosda, “Mehnat shuhrati” ordenini taqib chiqdi. Gʻuzor tumanidagi “Pachkamar qorakoʻlchilik” MCHJ bosh choʻponi koʻksiga yarashib turgan ordenni silab qoʻyardi. Qarab turganimizni sezib: “Bu tunlarimni yoritgan tong yulduzi”, degancha kuldi.
Choʻpon bejiz tong yulduzi demagan ekan. Suhbatimiz davomida u boshqa kasb egalarida uchramaydigan qiziqarli voqealarga, sarguzashtlarga boy hikoyalar aytib berdi. Biz ulardan bir qismini sizga aytib berishni istadik.
* * *
... Qahraton qish. Ayoz qisib, kechga tomon yana qor yogʻa boshladi. Oʻzi odatda Toshterma choʻlida koʻp ham qor yogʻavermaydi. Lekin bu yil qish qattiq keldi. Qantar ogʻganiga uch-toʻrt kun boʻldiki, hamon qor toʻxtagani yoʻq. Yon-atrofni qoplab, choʻlning past-balandi bilinmay qoldi. Gohida izgʻirin shamol turib, koʻz ochirmaydi. Shunday kunda birinchi marta kelgan kishi adashib, sahroda tentirashi aniq. Axir bu manzil odamlar yashaydigan ovuldan naq oʻttiz chaqirim yiroqda. Har oʻn chaqirimda birgina choʻponning uyi, qoʻrasi duch kelishini aytmasa, biror kishini uchratish mushkul. Shu sabab choʻponlarga haftada bir marta yegulik olib keladigan “UAZ” haydovchisidan boshqa birov yurak yutib, shu tomon yoʻl solmaydi.
... Choʻpon etigini qoqib, ichkariga kirdi. Paytavasini pech yoniga ilarkan, koʻnglidan qor hali-beri tinmaydi degan oʻy oʻtdi. Shu oʻy sabab Parda choʻponning xavotiri ortdi. “Kun-ku xayrli oʻtdi. Tunni yaxshi oʻtkazib olaylik-da. ...Odatda qoʻylar kechki payt koʻp qoʻzilaydi. Kechani qoʻrada oʻtkazmasam boʻlgani”, dedi oʻziga oʻzi gʻudranib.
Xotini uzatgan qaynoq choydan ichib, ichiga issiq kirdi. Pechkaning tafti elitib, koʻziga uyqu keldi. Yonboshlab, kun davomida bolalagan sovliqlarni sanadi. Yigirmadan oshibdi. Qoʻzilash mavsumida choʻpon tinim bilmaydi. Ayniqsa, tun sovugʻida qoʻzini asrash osonmas. Mabodo biror sovliq bolasiga qaramay qolsa, yana tashvish.
Shu zayil uxlab qolgan Parda choʻpon itning tovushidan uygʻondi. Shoshib tashqariga chiqdi. Allaqachon qorongʻilik qoplay boshlagan osmondan laylakqor oʻynoqlab tushardi. Demak, qor tez tinadi. Bulutlar tarqalib, osmon ochilsa, ayozning zoʻri shunda boʻladi. Shu payt qoʻra tomondan fonus yorugʻi koʻrindi. Demak, xotini oʻgʻli bilan qoʻzilardan xabar olgani borgan. Choʻpon gʻarch-gʻurch qadam bosib, tizza boʻyi qorda iz qoldirgancha, ildamlab borarkan, boʻribosar iti Qoplon ergashdi. Qoʻra eshigini ochib, ichkariga kirdi. Xotini yangi tugʻilgan qoʻzini qoʻliga olib, sovliq yeliniga tutardi. Aksiga olib, sovliq bezovtalanib, yurib ketar, oʻgʻli uning boʻynidan mahkam ushlab, yurishiga qarshilik koʻrsatmoqchi boʻlardi. Ammo bolaning telpagi koʻziga tushib, xalal berar, uni bir qoʻli bilan yuqoriga koʻtarib, yana qoʻyni mahkam ushlardi. Qoʻzi sut hidini olib, onasiga talpindi. Ancha urinishdan soʻng qoʻzichoqning qorni toʻydi. Endi qoʻyib yuborsa boʻladi. Buyogʻiga onasi qaraydi. Lekin shu payt qoʻraning qaysidir chetida ikki qoʻy qoʻzilayotgandi. Endi ishning avji boshlandi. Buyogʻiga tugʻilgan qoʻzilarni sovuqda onasi qurita olmaydi. Terisi qurimagan qoʻzi ayozda muzlab, nobud boʻladi. Choʻpon qoʻzichoqlarni koʻtarib, issiq uyga olib kirdi. Xotini va oʻgʻli ham ortidan keldi.
Pechka yonida titrab turgan qoʻzichoqlarning ustidan bugʻ koʻtarilib, mayin yungi hurpaya boshladi. Bir oz dam olgan choʻpon fonusni koʻtarib, qoʻra tomon ketdi. Koʻp oʻtmay, yana uchta qoʻzini qoʻltiqlab keldi. Bu holat tongga qadar davom etdi. U yangi tugʻilganlarini olib keladi. Issiqda jonlangan qoʻzilarni olib borib sovliqlarga “topshiradi”. Bu orada ayoli ham unga yordamlashar, kalishi bilan qor kechib, tinim bilmasdi. Aksiga olib, devorga osigʻliq soat millari juda sekin yurayotgandek...
Xayriyat, tun talafotsiz oʻtdi. Uyqusizlikni aytmasa, barchasi yaxshi... Choʻpon oilasi tongga yaqin bir oz dam oldi.
* * *
...Bu yilgi koʻklam yaxshi keldi. Yomgʻirli kunlar koʻp boʻldi. Bepoyon Gʻuzor choʻli yashillikka burkandi. Qishdan omon chiqqan chorva bahorda yayradi. Qishda egiz qoʻzilab, oriqlagan sovliqlar oʻzini oʻngladi. Sutga toʻygan qoʻzilar choʻpon bolalari bilan quvlashmachoq oʻynaydigan boʻldi... Kun qiziy boshlagach, chorvani koʻchirish payti keladi. Vaqtida joyni oʻzgartirmasa, bu atrofdagi oʻt-oʻlanni suruv tez yeb bitiradi. Parda choʻpon toqqa koʻchish vaqti kelganini anglab, xoʻjalik rahbariga xabar yuboradi. Ikki kun oʻtib, yuk mashinasi qoʻton oldiga yetib keladi. Choʻpon kerakli narsalarini ortib, oilasini ham mashinaga chiqarib, toqqa joʻnatdi. Oʻzi ikki-uch choʻligʻi bilan “Qaydasan, Maydanak togʻlari”, deya suruvni oldiga solib yoʻlga tushdi. Ular kamida bir hafta yoʻl yurishi kerak...
Odatdagi kunlarning birida suruvni oʻtlatib yurgan choʻpon katta toshga yelka tirab, hordiq chiqardi. Yaqinida yurgan qoʻzilarning kitir-kitir oʻt chaynashi unga zavq beradi. Shu zayil toshga boshini qoʻygan choʻponning koʻzi ilindi. Bir payt gurr etib suruv bir tomonga qarab qochdi. Choʻchib uygʻongan choʻpon oʻrnidan turishi bilan roʻparasida turgan katta koʻk yoldor boʻriga duch keldi. Jondorga ilgari ham koʻp duch kelgan. Ammo ilk bor yaqindan koʻrishi edi. Ikki qadam narida koʻzlar toʻqnashdi. Boʻri irillab, raqibiga tashlanishga tayyor turardi. Choʻponning qoʻlida tayogʻidan boshqa qurol yoʻq. Shu paytda itlar ham qayergadir yoʻqolgan. Chaqiray desa, ovozi chiqmaydi. Ortiqcha harakat boʻrining gʻashini keltirishi aniq. Shu dam oyogʻi tagida turgan kichik tosh pastga dumaladi. Raqib shundanmi, yo boshqa sabab tufaylimi, oʻzini choʻponning ustiga otdi. Buni oldindan sezgan choʻpon tayogʻini ikki qoʻllab ushlagancha, yoldorni ustidan oshirib yubordi. Boʻri uch-toʻrt metrcha pastga tushdi. Oʻzi ham yonboshga agʻdarildi. Qoʻliga ilashgan qirra toshni olib, sapchib turdi. Xayriyatki, kerakli paytda Boʻynoq yetib kelgandi. U jondorni mahkam bosib turardi. Koʻp oʻtmay, qolgan itlar ham yetib keldi. Choʻpon tarqalib ketgan otarni yigʻish harakatiga tushdi. Holatdan xabar topgan yordamchilar hozir boʻldi.
* * *
Parda choʻponning otasi Boymir bobo oʻz davrining tajribali chorvadori edi. Bir necha yillar xoʻjalikning qoʻyini boqib, choʻponlarga boshchilik qilgan. Har yili rejani ortigʻi bilan bajaradigan choʻpon farzandlarini halol rizq bilan voyaga yetkazdi.
Parda choʻpon qoʻliga tayoq olib, otasiga ergashganida endigina 5-sinfni tugatgan edi. “Kichkina choʻliq” degan nom olgan Parda qoʻzilar bilan quvlashib oʻynashni yaxshi koʻrardi. Oʻsha vaqtlarda u otasining savoliga javoban, kelgusida katta choʻpon boʻlish niyatida ekanini aytgandi.
U maktabni tugatgach, dastlab amakisi Namoz akaga choʻliq etib tayinlandi. Astoydil ishga kirishib, chorvadorlik sirini puxta oʻzlashtirishga harakat qildi. Qaysi vaqtda sugʻorish, tunning qaysi mahali oʻtlatish zarur, xullas, barchasini diqqat bilan kuzatib borardi. Oradan toʻrt yil oʻtib, unga ustozi va otasi tayogʻini ishonib topshirdi. Oʻshanda qorakoʻlchilik xoʻjaligi qoʻylarini boqish masʼuliyati ham Parda choʻponga oʻtdi. Aynan Gʻuzor tumani choʻlidagi Toshterma hududida joylashgan butun qoʻraga oʻzi boshchilik qiladigan boʻldi. Yoniga choʻliqlar olib ishga kirishdi. Dasht kezib, suruvni koʻpaytirish uchun harakat qildi. Jaziramada Maydanak tomon yoʻl olib, salqinda suruvni oʻtlatdi. Sovuq kunlar boshlanishi bilan qishlov qoʻrasiga yoʻl oldi. Bu orada oila qurib, turmush oʻrtogʻi Nortojibibi bilan birga kechani kecha, kunduzni kunduz demay mehnat qildi. Tunlari bedor oʻtgan damlarda bir-biriga dalda boʻldi. Yaxshi kunlar kelishi haqida orzu qildi. Qiyinchiliklarga bardosh berdi. Biror marta xoʻjalik haqiga xiyonat qilmadi. Aksincha, ishonchni oqlash niyatida bor kuchi bilan ishladi. Shu choʻl bagʻrida halol odamligi bilan elga tanildi. Kasbi ortidan uch oʻgʻil, bir qizni voyaga yetkazdi. Uyli-joyli qildi. Bugun chol-kampir nabiralarning sevimli bobo-buvisiga aylangan. Yoshi oltmishdan oshgan boʻlsa-da, Parda Normurodov hamon suruv ortidan qolgani yoʻq. Dala-dashtga chiqqanida huzurlanadi. Kengliklarga boqib, bolaligini topganday boʻladi.
— Mana shu dashtdan kuch-quvvat olaman. Yaratganga shukr, yurtimiz tinch. Birovdan kam joyimiz yoʻq, — deydi Parda choʻpon. — Shuning ortidan turmushimiz farovon. Bolalarim qabatimga kirib, koʻmak beryapti. Ota-bobolarimiz hamisha halol boʻlishni uqtirgan. Shuning uchun biror marta birovning haqiga qoʻl uzatmadim. Bugun kamtarona mehnatimizni Prezidentimiz yuqori baholab, mukofotlaganidan boshim koʻkka yetdi.
Biz ordenli choʻpon bilan xayrlashib, mashinaga chiqqanimizda qoʻlimiz izgʻirindan titrardi. Tezroq isinish harakatiga tushdik. Lekin Parda choʻpon sovuqni pisand etmay, mamnun holda bizni kuzatib turardi. U yillar davomida mana shu dashtning issiq-sovugʻida obdan toblangan, huv oʻsha oʻtmish kishilari aytganiday, tuyoqdan ham qattiq, chayir boʻlib ketgan. Istalgan vaqtda shahar, hech boʻlmasa, qishloqqa koʻchib ketishi mumkin. Ammo bunday qilmaydi. Chunki u qoʻylarini, butun umri oʻtgan mana shu dashtni, Vatanini yaxshi koʻradi.
Akbar RAHMONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri