Televizor va qoʻshnilari orqali davlatimiz rahbari tomonidan uy-joyga doir huquqlarning amalga oshirilishi va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, yer uchastkalaridan oqilona va samarali foydalanish, shuningdek, fuqarolarga tegishli boʻlgan turar joylarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga koʻmaklashish maqsadida 2018-yilning 20-aprel kuni qabul qilingan “Fuqarolarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar hamda oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha bir martalik umumdavlat aksiyasini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi farmoni haqida eshitgan Turgʻunoy aya 2019-yilda aynan ushbu masalada yordam soʻrab Andijon shahar Davlat xizmatlari markaziga murojaat qiladi. Murojaat shahar hokimligida tashkil etilgan maxsus komissiya tomonidan koʻrib chiqiladi. 2019-yilning 21-dekabr kuni komissiya aʼzolari tomonidan tasdiqlangan dalolatnoma asosida Andijon shahar hokimining 964-Q sonli qarori qabul qilinib, Turgʻunoy Madumarovaga yashab kelayotgan xonadonning yer maydoniga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi belgilanadi.
Ammo hayot tashvishlari sabab onaxon qilgan murojaati yodidan koʻtariladi. Zaruriyat tufayli esiga tushganda esa oʻsha paytda qilgan murojaat raqamini topolmaydi va muammoning yechimini topishda yordam soʻrab, Oʻzbekiston prezidentining virtual qabulxonasiga murojaat qiladi.
Turgʻunoy ayaning murojaati adliya hamda Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmalari tomonidan tegishli tartibda koʻrib chiqildi va kuni kecha onaxonga hokim qaroridan koʻchirma taqdim etildi.
-Oʻgʻillarimni chiqarganman, qizimning oʻgʻli yaʼni nevaram Jahongir bilan birga yashayman, - deydi Turgʻunoy Madumarova. – Bobosi uyni shu bolamning nomiga oʻtkazib berishimni vasiyat qilib ketgan. Lekin hujjati yoʻq uyni meros qilib, qoldirishning imkoni yoʻq ekan. Yillar oʻtgani sayin diqqatim oshardi, tezroq shu muammoni hal qilsam edi derdim. Mana bugun sizlar olib kelgan xushxabar sababli yelkamdan togʻ agʻdarilgandek boʻldi. Endi navbat uyni kadastr qildirib, notarius orqali nomiga oʻtkazib berish qoldi xolos. Buning uchun avvalo yurtboshimizga, sizlarga oʻz minnatdorligimni bildiraman.
Umidjon MAMARASULOV.