Shuningdek, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (Qoʻmita) huzuridagi “Turistlarga xizmat koʻrsatish markazi” DUK sohada vakolatli organ sifatida belgilanadi. Belgilanayotgan tartibga koʻra, Markazni davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan tashkil etilishi mumkin. Buning uchun Markaz tashkil etish tashabbuskori vakolatli organga murojaat qiladi.
Turistik axborot markazlarini tashkil etish uchun uning atrof hududi, bino va ish rejimiga boʻlgan tegishli talablar belgilanadi. Qolaversa, markazda qaysi turdagi xizmatlar sayyohlarga bepul asosda va qaysi turdagi xizmatlar pullik asosda koʻrsatilishi xam belgilanadi. Shuningdek, Turistik axborot markazlari Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan turizm xaritalari, qoʻllanmalar va boshqa tarqatma materiallar bilan bepul taʼminlanadi.
Taʼkidlash lozimki, Markazlar tashrif buyurayotgan sayyohlarga doir tegishli statistikani ham yuritib boradi va chorak yakuniga koʻra vakolatli organga taqdim etadi. Mazkur statistika asosida sayyohlarning ehtiyojlari, qaysi xizmat turlariga boʻlgan talabning yuqori ekanligi oʻrganiladi va boshqa turdagi tahlillar oʻtkaziladi, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.