Bu borada Turizm qoʻmitasi tomonidan Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari asosida maqsadli ishlar amalga oshirib kelinyapti. Xususan, ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish va hajmini keskin koʻpaytirish, fuqarolarni mamlakatimizning turizm salohiyati bilan tanishtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, taqdim etilayotgan turizm xizmatlari sifatini yaxshilash va jahon bozorlarida raqobatbardoshligini oshirish, turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish, zamonaviy xizmatlar infratuzilmasini jadal rivojlantirish, shuningdek, aholini ish bilan taʼminlash va ularning daromad manbaini kengaytirish ishlari jadal va tizimli ravishda davom ettirilyapti.
Joriy yilning oʻtgan davrida mamlakat turizm salohiyatini xorijda keng targʻib etish va ichki turizm oqimini oshirish maqsadida xorijiy va mahalliy telekompaniyalar va internet platformalari bilan hamkorlikda qator loyihalarga qoʻl urildi.
Jumladan, dunyo boʻylab umumiy auditoriyasi 2,5 milliarddan ortiq boʻlgan Britaniyaning “BBC”, Yevropaning “Euronews”, AQSHning “Amadeus” raqamli onlayn platformasi va Xitoyning “Trip.com” yirik onlayn-sayohat platformasi bilan qoʻshma loyihalar amalga oshirilyapti.
Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklarining “Holiday factory” sayyohlik kompaniyasi va “Visa Fasilitation Servises Global” (VFS Global) maʼmuriyati bilan, shuningdek, “Numa GmbH” kompaniyasi bilan Oʻzbekistonning turizm salohiyati va jozibadorligini markaziy Yevropaning uch davlati Germaniya, Avstriya va Shveysariyaga tegishli sayyohlik yoʻnalishi sifatida targʻib qilish, “Lonely Planet” xalqaro nashriyot kompaniyasi tomonidan “Best in Travel 2024” loyihasi orqali Oʻzbekistonda turizm sohasini yanada rivojlantirish va turizm salohiyatini keng targʻib qilish, “EVERCOM” xizmatidan foydalangan xolda Ispaniyadagi turizm sohasidagi professional xaridorlarni jalb etish, ATOR – Rossiya turoperatorlari uyushmasining raqamli onlayn platformasi orqali har oy maqolalar va bannerlarni ishlab chiqish va Oʻzbekistonning turizm salohiyati va jozibadorligini targʻib etishga doir loyihalar amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
2023-yilda elchixonalarimizning loyihalari uchun ajratilgan 20 milliard soʻm mablagʻlari doirasida PR kampaniyalar ham oʻtkazilyapti. Mazkur dastur doirasida Oʻzbekistonning xorijdagi 34 ta diplomatik vakolatxonalari tomonidan 196 ta loyiha amalga oshirilyapti.
Respublikaning turistik salohiyatini targʻib etish va turistlar oqimini yanada oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining 28 ta xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalariga mablagʻ ajratildi.
Bundan tashqari joriy yilning 10 oyi davomida 16 ta xalqaro turizm yarmarkalarida milliy turizm stendi va tadbirkorlik subyektlari ishtiroki taʼminlandi. Buyuk Britaniya, Malayziya va Tojikiston davlatlarida Qoʻmita tomonidan madaniy tadbirlar tashkil etilib, mamlakatimizning gastronomik turizm imkoniyatlariga doir taqdimotlar oʻtkazildi.
2023-yilda xorijiy OAV vakillari va taniqli blogerlar uchun mamlakatimiz boʻylab press-turlarni tashkil etish maqsadida 10 milliard soʻm ajratilgan boʻlib, yil boshidan bugungi kunga qadar Oʻzbekiston boʻylab 26 tadan ortiq info va press turlar tashkil etildi.
11-17-may kunlari hududlar boʻylab Germaniya turistik assotsiatsiyasining (Deutscher Reiseverband, DRV) 80 nafar vakilidan iborat delegatsiyasi tashrifi tashkil etildi va 16-mayda Toshkent shahrida Turizm forumi (Destination forum), B2B uchrashuvlar oʻtkazildi. Ushbu loyiha Germaniya turizm industriyasi aylanmasining qariyb 90 foizini birlashtirgan Germaniya turizm assotsiatsiyasi (“DRV”) bilan hamkorlikda amalga oshirilyapti. Mazkur loyiha natijasiga koʻra qoʻshimcha 500 ming yevropalik sayyohlar jalb etiladi, deb xabar beradi turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.