Turizm rivojlanadi, faol sayyohlar esa ragʻbatga loyiq

    Faol sayyohlar ham Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan ragʻbatlantiriladi.

    Dunyoda eng tez rivojlanayotgan va mamlakatlar iqtisodiyotiga moʻmay daromad keltirayotgan sohalardan biri, shubhasiz, turizmdir. Oʻzbekistonda ham turizm yangi bosqichda rivojlanmoqda. Xususan, xorijlik sayyohlarni yurtimizga jalb qilish, ichki turizmni ommalashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilyapti.

    Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bu yoʻlda navbatdagi amaliy qadamlardan biri boʻldi. Farmonda ichki va ziyorat turizmini yana-da rivojlantirish hamda respublika hududlarini, shuningdek, mamlakatimizni xorijiy davlatlar bilan oʻzaro bogʻlovchi transport logistikasini takomillashtirishga alohida urgʻu berilgan. Unga binoan, ichki turizmda bir qator yangiliklar joriy etiladi. Maqsad aholining yurtimiz boʻylab sayohat qilishini ommalashtirish, qulay shart-sharoit yaratish hamda ragʻbatlantirish tizimini yoʻlga qoʻyishdir. Koronavirus pandemiyasi turizm sohasiga juda katta salbiy taʼsir koʻrsatdi.

    Davlatimiz rahbari 2020-yilda berilgan imtiyozlarni 2021-yil uchun ham tatbiq etish boʻyicha topshiriq berdi. Farmonda bu oʻz aksini topdi: imtiyoz va preferensiyalar muddatlari 2021-yil 31-dekabrga qadar uzaytirildi. Bunda turoperatorlar, turagentlar, shuningdek, joylashtirish vositalari uchun foyda soligʻi stavkasi belgilangan stavkaga nisbatan 50 foiz kamaytiriladi. Kamida 10 kishidan iborat xorijiy turistik guruhlar uchun Oʻzbekiston Respublikasida tur tashkil etish va ularning joylashtirish vositalarida kamida besh kecha tunab qolishi sharti bilan turoperatorlarning avia va temir yoʻl chiptalari boʻyicha sarflangan xarajatlarining 30 foizi qaytarib beriladi.
    Taʼkidlash kerakki, turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida mehmonxona xizmatlari (joylashtirish xizmatlari) koʻrsatuvchi subyektlar yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni toʻlashdan ozod qilinadi. Ular ijtimoiy soliqni kamaytirilgan stavkada 1 foiz miqdorida toʻlaydi. Navroʻz umumxalq bayrami, Mustaqillik kuni va Yangi yil bayrami hamda Ramazon hayiti va Qurbon hayiti diniy bayramlarini nishonlash davrida qoʻshimcha va koʻchirish hisobiga ishlanmaydigan kunlar 3 kundan kam boʻlmagan muddatga belgilanadi.

    Shuningdek, aholi uchun qulaylik yaratish nazarda tutilgan boʻlib, ota-onalar, qarindoshlar, qariyalar va ustozlar bilan birgalikda sayohat qilishni nazarda tutuvchi 5 ish kunidan kam boʻlmagan “oilaviy sayohat taʼtili” tizimi joriy qilinadi. Bunda “oilaviy sayohat taʼtili” yillik asosiy taʼtil hisobidan taqdim etiladi va jamoaviy shartnomalarga muvofiq ish beruvchining roziligi bilan amalga oshiriladi. Bu jarayonda jamoalar orasidan 1 000 nafar sayohat yetakchisi aniqlab olinib, yil oxirida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan shakllantirilgan turistik mahsulot bilan ragʻbatlantiriladi. Masalan, mehmonxonalarda 2 kun bepul dam olishi, sogʻlomlashtirish markazlarida tekin muolaja olishi mumkin boʻladi. Endilikda sayyohlar uchun “turist pasporti” joriy qilinadi. Mazkur hujjat fuqarolik pasportiga oʻxshash
    boʻlib, sahifalarida pasport egasining Oʻzbekistonning qaysi moddiy madaniy meros obyektlari, teatr va muzeylar, ziyoratgohlar yoki turizm yoʻnalishlari boʻyicha obyektlarga sayohat qilgani haqidagi maʼlumotlar beriladi. Rejamizga koʻra, joriy yilning may-iyun oylariga qadar obyektlar roʻyxati tuzilib, tasdiqlanadi hamda shtamp (muhr) tayyorlanadi. Har bir sayohat uchun “turist pasporti”ga muhr uriladi. Sayohatlar soni qancha koʻp boʻlsa, sayyoh shuncha miqdordagi bonusga ega boʻlib boradi. Bu esa muayyan obyektga qilingan ilk sayohatda qoʻlga kiritilgan bonus kelasi safar bu yerga kirishda yengillik yaratishiga sabab boʻladi.

    “Turist pasporti”ga ega boʻlishning yana bir qulay jihati — unda obyektlar roʻyxati berilgan boʻladi, sayyoh shunga binoan oʻz yoʻnalishini ishlab chiqishi mumkin. Faol sayyohlar ham Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan ragʻbatlantiriladi. Farmonda ziyorat turizmi va transport logistikasi boʻyicha ham qator koʻrsatmalar berilganki, bularning barchasi mamlakatimiz turizm salohiyati yana-da oshishiga xizmat qiladi.

    Azizbek FAYOZOV,

    Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi boshqarma boshligʻi