Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Oqdaryo daryosi boʻyida mahalliy aholi bir qanoti sinishi oqibatida ucha olmay qiynalayotgan Turkiston oq laylagini topib olishdi. Qushga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish maqsadida veterinarga olib boriladi va tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi. Keyin esa bu haqda Ekologiya vazirligiga ishonch telefoni orqali xabar berilgan.
Murojaatdan soʻng Oqdaryo tuman Ekologiya boʻlimi davlat inspektorlari Turkiston oq laylagini Zarafshon milliy tabiat bogʻining reabilitatsiya markaziga vaqtincha saqlash uchun topshirishdi. Ahvoli yaxshilangach, qush tabiatga qoʻyib yuboriladi.
Ekologiya vazirligi qushga mehr koʻrsatgan va oʻz vaqtida xabar qilgan fuqarolarga minnatdorlik bildiradi.
Maʼlumot uchun, Turkiston oq laylagi zaifga yaqin, qisman oʻtroq uchib oʻtuvchi tur sifatida Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan. Umumiy soni 2500 dan ortiq deb taxmin qilinadi.