Bu jarayonda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari va amaliy gʻoyalari hal qiluvchi oʻrin tutmoqda. “Yangi Oʻzbekiston — Yangilangan turkiy dunyo bilan birga” tamoyili bugun nafaqat soʻz, balki aniq amaliy yoʻnalish sifatida namoyon boʻlmoqda. Oʻzbekiston turkiy davlatlar bilan savdo, sanoat, transport, taʼlim va madaniyat sohalarida keng koʻlamli hamkorlikni yoʻlga qoʻydi.

Davlatimiz Rahbarining rahnamoligida mamlakatimiz bu tashkilotda faol, tashabbuskor va hamjihatlik siyosatini olib borib, turkiy hamkorlikni strategik darajaga olib chiqdi.

Shu maʼnoda, Ozarbayjonning qadimiy Gabala shahrida 2025-yil 7-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammiti ham turkiy birdamlik tarixida yangi sahifa ochdi. Sammit “Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik” mavzusida oʻtdi va unda Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi nafaqat Oʻzbekiston, balki butun turkiy dunyoning istiqbol yoʻlini belgilab berdi.

Geosiyosiy oʻzgarishlarda — turkiy davlatlarning yagona pozitsiyasi

Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida bugungi beqaror geosiyosiy vaziyatda turkiy davlatlar birligi, ishonchi va doʻstligining ahamiyatini alohida taʼkidladi. Jumladan, davlatimiz Rahbari taʼbiri bilan aytganda, “davrning oʻzi bizdan global boshqaruv tizimini chuqur isloh qilishni, BMT Xavfsizlik Kengashi rolini oshirishni va rivojlanayotgan davlatlarning ovozini mustahkamlashni taqozo qilmoqda”.

Bu chaqiriq Prezident Mirziyoyevning dunyo siyosatidagi adolat, barqarorlik va tenglik gʻoyalariga sadoqatini yaqqol namoyon etdi. Uning BMT tizimini isloh qilish, davlatlar tengligi tamoyilini ilgari surishi xalqaro hamjamiyatda keng qoʻllab-quvvatlandi.

Oʻzbekiston yetakchisi turkiy mamlakatlar nafaqat geografik yaqin, balki maʼnaviy, iqtisodiy va madaniy jihatdan ham bir-biriga uzviy bogʻlangani va shu bois, ularning yagona pozitsiyada harakat qilishi — bugungi dunyodagi beqarorlikka qarshi eng ishonchli javobdir.

Iqtisodiy hamkorlikda yangi bosqich — Toshkentda Turkiy kengash markazi

Sammitdagi eng muhim takliflardan biri — Turkiy davlatlar Iqtisodiy sheriklik boʻyicha doimiy kengashini tashkil etish boʻldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu kengashning loyiha ofisini Toshkent shahrida joylashtirishni taklif qildi. Bu tashabbus amalga oshsa, Turkiy dunyoda iqtisodiy integratsiyaning yangi modeli yaratiladi. U savdo aloqalarini kengaytiradi, investitsiya muhitini yaxshilaydi va yuzlab yangi ish oʻrinlariga zamin yaratadi. Mamlakatimiz Rahbari bu yoʻnalishda qator ilgʻor gʻoyalarni ilgari surdi:

1) “Turkiy yashil yoʻlaklar” elektron tizimi orqali erkin savdo va logistika jarayonlarini raqamlashtirish;

2) “Yashil transformatsiya konsorsiumi” tuzish orqali ekologik toza texnologiyalarni joriy etish;

3) “Sanoat alyansi” tashkil etish orqali yetakchi kompaniyalarni birlashtirish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish.

Bu tashabbuslar nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy jihatdan ham turkiy dunyo birdamligining amaldagi ifodasidir. Bunda markaz sifatida Toshkentning tanlanishi — Oʻzbekistonning mintaqa miqyosidagi nufuzi va ishonchli hamkor sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlaydi.

Innovatsiya, ilm-fan va yoshlar — umumturkiy taraqqiyot poydevori

Prezident Shavkat Mirziyoyev sammitda taʼlim, fan va yoshlar siyosatiga alohida eʼtibor qaratdi. Oʻzbekiston 2025–2026-yillarda turkiy universitetlar ittifoqiga raislik qiladi. Bu davrda Toshkentda “Turkiy ilm-fan va innovatsiyalar kunlari” oʻtkaziladi va turkiy davlatlar xalqaro universiteti oʻz faoliyatini boshlaydi.

Bu tashabbuslar yosh avlodda umumturkiy dunyoqarashni shakllantirish, ilmiy salohiyatni birlashtirish va yangi innovatsion ekotizim yaratishga qaratilgan.

Maʼnaviyat va meros — umumiy ruhiy ustun

Davlatimiz Rahbari oʻz nutqida Alisher Navoiy va Nizomiy Ganjaviy yubileylarining maʼnaviy jihatlariga alohida eʼtibor qaratib, ularning insonparvar gʻoyalarini keng targʻib etishni taklif qildi.

“Nizomiy va Navoiy ijodi — turkiy dunyo maʼnaviy hayotida” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazish tashabbusi — bugungi maʼnaviy siyosatdagi muhim qadamdir. Bu tashabbus nafaqat madaniy yaqinlikni, balki umumiy ruhiy ustuvorlikni namoyon etadi. Navoiyning insonparvarlik gʻoyalari va Nizomiyning aql va maʼrifat haqidagi qarashlari turkiy xalqlar maʼnaviyatini birlashtiruvchi buyuk koʻprikdir.

Shu bilan birga, ekstremizm va radikalizmga qarshi Harakatlar rejasini qabul qilish, islomofobiyaga qarshi hamjihat pozitsiyani shakllantirish zarurligi taʼkidlandi. Bu esa turkiy dunyoda maʼnaviy barqarorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Turkiy dunyodagi Oʻzbekiston ovozi

Gabala sammiti Turkiy davlatlar tashkilotining nufuzini yangi bosqichga olib chiqdi. Davlatimiz Rahbari Shavkat Mirziyoyevning chiqishi esa bu jarayonda Oʻzbekistonning yetakchi va tashabbuskor davlat sifatidagi mavqeini yana bir bor tasdiqladi.

Oʻzbekiston Prezidenti maʼruzasi amalda aniq ijobiy oʻzgarishlar tendensiyasini boshlab berishga, izchil hamjihatlikni koʻzlovchi yangi xalqaro siyosiy yoʻl xaritadir.

Bu shubhasiz, turkiy dunyoda iqtisodiy, ilmiy va maʼnaviy birlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bugungi kunda turkiy hamjihatlik gʻoyasining markazida, aynan Oʻzbekiston ovozi — tinchlik, islohot va taraqqiyotga qaratilgan siyosiy iroda turibdi. Shavkat Mirziyoyevning tashabbus va ilgʻor gʻoyalari esa “Yangi Oʻzbekiston”ni “Yangilangan turkiy dunyo”ning yetakchi poydevoriga aylantirmoqda.

Abdumutallib OʻKTAMOV,

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi eksperti