Turkiyaning eng yirik qurilish kompaniyalaridan biri — “Kalyon Insaat Sanayi Ve Ticaret A.Ş.” bilan Migratsiya agentligi hamkorlikni kengaytiradi
Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi rahbariyati va Turkiyaning “Kalyon Insaat Sanayi Ve Ticaret A.Ş.” kompaniyasi vakillari uchrashuvida aytildi.
Unda, ikki davlatning mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorligini tizimli davom ettirish, Oʻzbekiston fuqarolarini Turkiyadagi yirik qurilish loyihalariga ishga jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Kompaniya 1974-yildan buyon qurilish, energetika va transport sohalarida Turkiyadagi muvaffaqiyatli loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Jumladan:
- Istanbul aeroporti;
- Bosfor ostidagi Marmaray temir yoʻl tunneli;
- Karapinar quyosh elektr stansiyasi shular sirasiga kiradi.
Birinchi bosqichda, 60 nafar yurtdoshimiz shu yilning 1-dekabr kuni Turkiyaga uchib ketadi. Kelishuvga koʻra, yoʻl xarajatlari, turar joy, uch mahal issiq ovqat va maxsus kiyim va himoya vositalari ish beruvchi tomonidan qoplanadi. Shuningdek, yaxshi maosh, hamda mehnat huquqlari kafolatlanadi.
«Turkiyada ishga qabul qilinayotgan oʻzbekistonliklarning mehnat faoliyatini monitoring qilamiz va kelgusi yil yanvar oyida 1 350 nafar mutaxassisni Turkiya bozorida ish bilan taʼminlaymiz», — dedi Akin Kırchichek, “Kalyon Insaat Sanayi Ve Ticaret A.Ş.” kompaniyasining inson resurslarini boshqarish direktori.