Oʻzbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi va Turkiyadagi oʻzbek ayollarining haq-huquqlarini himoya qilish maqsadida tuzilgan “Özbek Kadın Hakları Derneği” (“Oʻzbek ayollari huquqlari assotsiatsiyasi”) oʻrtasida Hamkorlik Memorandumi imzolandi.

Oʻzbekistonning Istanbuldagi Bosh konsuli A.Agzamxodjayev va ÖKHD rahbari Ozoda Islomova tomonidan imzolangan ushbu Memorandum tomonlarning davom etib kelayotgan hamkorligini yangi huquqiy bosqichga olib chiqish asnosida oʻzbek xotin-qizlari huquqlarini birgalikda himoya qilish, ularni kasbiy, huquqiy bilimlari, va ishbilarmonlik qobiliyatlarini oshirish, turk va xorijiy tillarni oʻrgatish orqali turk jamiyatidagi mavqeini yuksaltirish maqsadi yoʻlida oʻzaro hamkorlikda harakat qilishini koʻzda tutadi.

Bosh konsulxona va mazkur Assotsiatsiya hamkorligi 2020-yil sentyabr oyida boshlangan boʻlib, shu paytga qadar 30 nafardan ortiq xotin-qizlarga manzilli yordam koʻrsatilgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.