Uning soʻzlariga koʻra, yangi shtamm aniqlanganidan buyon 90 millionga yaqin kasallanish holatlari roʻyxatga olindi. Bu 2020-yilda COVID-19ni yuqtirgan jami bemorlar sonidan ham koʻp.
“Eng yomoni, hozir sayyoramizning aksariyat mintaqalarida oʻlim koʻrsatkichlarining juda xavotirli oʻsishini kuzatyapmiz” — dedi T. Gebreyesus.
JSSTning Favqulodda kasalliklar boʻlimi texnik guruhi rahbari Mariya Van Kerkxovening xulosasi ham shunga yaqin. U bunday sharoitda COVID-19 tufayli joriy etilgan barcha cheklovlarni bekor qilishga hali erta ekanligini maʼlum qildi.
“Biz hukumatlarni ehtiyotkorlikka chaqiramiz, chunki aksariyat davlatlar “omikron” pandemiyasining choʻqqisidan oʻta olgani yoʻq. Ayrim hududlarda esa emlash darajasi juda past. Shuning uchun hozir barcha koronavirus cheklovlarini birdaniga olib tashlash vaqti emas”, — deydi JSST eksperti.
Masalan, AQSHda kunlik kasallanish koʻrsatkichlari kamaya boshlagan boʻlsa-da, “omikron” tufayli hayotdan koʻz yumayotganlar soni ortmoqda. Mamlakatning yuqumli kasalliklar boʻyicha bosh maslahatchisi Entoni Fauchi asosan emlanmagan hamda toʻliq yoki kuchaytiruvchi dozada vaksina olmaganlar bunday xavfga roʻbaroʻ kelayotganini taʼkidladi.
Baʼzi davlatlarda esa koronavirusning yangi mutatsiyasi koʻproq bolalar va yoshlar oʻrtasida keng tarqalyapti. Misol uchun, Italiyada bu infeksiyani yuqtirgan bemorlardan har uchinchisi 19 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil yo qizdir.
Ana shundan kelib chiqib, 5 yoshdan 11 yoshgacha boʻlgan bolalarni koronavirusga qarshi emlashga ruxsat bergan davlatlar safiga Qatar ham qoʻshildi. Avstraliyada esa 16-17 yoshli oʻsmirlar qayta vaksina olishi belgilandi. Bunga mamlakatda koronavirusdan oʻlim holatlari koʻpayib borayotgani sabab boʻldi.
Saudiya Arabistonida fevral oyidan jamoat transportidan faqat emlanganlar foydalanishlari mumkin. Ushbu cheklov poyezd, taksi, avtoulovlarni ijaraga olish hamda paromlarga ham taalluqlidir.
Isroilda ham yangi shtamm bilan kasallanish holatlari keskin koʻpaymoqda. Oʻz navbatida, koronavirusdan vafot etayotganlar soni ham sezilarli darajada oshyapti. Shu sababli bu yerda 60 yoshdan kattalar hamda tibbiyot xodimlari toʻrtinchi doza bilan emlanmoqda.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati