Yodgorlikning aynan ushbu shaharda oʻrnatilishi bejiz emas. Chunki mahalliy xalq orasidagi rivoyatlarga koʻra, Oʻrtahisor aholisi ajdodlarining ildizlari Xorazmning Xiva shahriga borib taqaladi. XII asrda Markaziy Osiyodan Onadoʻliga turkiy qavmlarning koʻchishi keng kuzatilgan bir davrda asli xivalik Xiva bobo oʻzining sakkizta ukasi bilan Oʻrtahisorga kelib qolgan. Keyinchalik ular atrofdagi yerlarni obodonlashtirib, hozirgi Oʻrtahisorni barpo etgan. Vaqt oʻtishi bilan “Xiva bobo” qisman oʻzgarib, “Xiba bobo” shaklida talaffuz etila boshlangan. Oʻrtahisorning bugungi kundagi aholisining asosiy qismi Xiba bobo va uning sakkiz birodari avlodlari ekaniga ishoniladi.
Mamlakatimizning Turkiyadagi elchixonasi, “Turksoy” xalqaro tashkiloti hamda Oʻrtahisor hokimiyati hamkorligida “Xiva shahri — turkiy dunyo madaniy poytaxti” dasturi doirasida shaharchada “Xiva bobo” yodgorligining ochilish marosimi oʻtkazildi.
Oʻrtahisar hokimi Mustafa Atesh yodgorlikning bunyod etilishidan asosiy maqsad soʻnggi besh yilda jadallik bilan taraqqiy etib borayotgan Oʻzbekiston — Turkiya munosabatlariga kamtarona hissa qoʻshish ekanini bildirdi.
- Biz oʻrtahisorliklarning ota yurtimiz Oʻzbekistonning qadimiy shaharlaridan biri — Xiva bilan alohida bogʻliqligimiz mavjud, — dedi u. — Qariyb ming yil oldin Xiva bobo Xorazmdan kelib, bizga goʻzal vatan barpo etgan. Bizlar Xiva boboning farzandlarimiz. Binobarin, bugungi yodgorlik bizning oʻzligimizning timsolidir.
Turk haykaltaroshi Ensar Shahin tomonidan yaratilgan ushbu yodgorlikning old tomonida Xiva boboning timsoli joy olgan. Asarning oʻng va chap tomonlarida esa ramziy eshiklar ishlangan boʻlib, ular Oʻrtahisorga kirish yoʻli Xiva bobo tomonidan ochib berilganiga ishora qiladi. Yodgorlikda Xorazm vohasiga xos boʻlgan va Oʻrtahisordagi qadimgi osori atiqalarda ham saqlanib qolgan naqshlarga ham oʻrin berilgan.
Tantanali marosim ishtirokchilari va Oʻrtahisor aholisiga “Oʻzbekiston istiqlolining 30 yilligi” mavzusidagi fotokoʻrgazma tashkil etildi hamda Xorazm viloyatidan kelgan sanʼatkorlar ijrosida milliy oʻzbek kuy va qoʻshiqlari, Xorazm raqslari taqdim etildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.