Festival doirasida turkiy tilda soʻzlashuvchi 17 davlatdan tashrif buyurgan kinoijodkorlarning sammiti tashkil etildi. Unda kelajakdagi istiqbolli loyihalar, maqsadlar mushtarakligi haqida soʻz yuritildi. Kinoijodkorlar hamkorlik uchun taklif etilayotgan oʻz loyihalari pitchingini taqdim etishdi. Festival doirasida Toshkent shaxridagi BDKI filiali Bahcesehir University, Istanbul Film Academy va Istanbul Nisantasi University bilan xalqaro aloqalar oʻrnatildi. Ahamiyatli jihati 2023-2024 oʻquv yilidan boshlab Filialning “Dramaturgiya” taʼlim yunalishida Netflix Series Script maxsus fani kiritiladi.

Yana bir eʼtiborli jihati, Rossiya kinematograflari turkiy tilli xalqlarning milliy qahramoni Xoʻja Nasriddin haqidagi 16 qismdan iborat animatsion film haqida taqdimot qilishdi. Loyiha prodyusseri, muallif va rejissyor Timur Bekmanbetov ham sammitda ishtirok etib, bu film Oʻzbekiston bilan hamkorlikda ishlanayotganini, ayni vaqtda Oʻzbekistonda animatsiya maktabi ijodkorlari bilan birgalikda ishlash maroqli boʻlayotganini bildirdi.

“Buni alohida taʼkidlab oʻtmasam boʻlmaydi, bugungi kunda Oʻzbekistonda kinematografiya sohasiga ulkan darajada eʼtibor qaratilmoqda. Uzoq yillar mobaynida faoliyati toʻxtab qolgan Toshkent xalqaro kinofestivalining davom ettirilishi va mamlakatda kino suratga olishda yangicha yondashuv qoʻllanilayotgani quvonarli holdir.
“Qoʻrqut ota” kinofestivalida ishtirok etayotgan oʻzbek kinoijodkorlari va oʻzbek filmlari festivalga oʻzgacha shukuh bagʻishlaydi.” – dedi Timur Bekmanbetov.

“Qoʻrqut ota” turkiy xalqlar kinofestivali doirasida 4-noyabr kuni “Oʻzbekiston kinosi kunlari” oʻtkazilgani ham quvonarli voqelik boʻldi. Tadbirda oʻzbek kinoijodkorlari bilan ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlari va oʻzbek filmlari namoyishi tashkil etildi.
Festivalning filmlar namoyishi dasturidan Dilmurod Masaidovning “Ayol qismati”, Akrom Shoxnazarovning “101 reys”, Ibrohim Rasulovning “Muhabbat bahori” va Furqat Usmonovning “Inson” koʻp qismli hujjatli filmlari joy olgan boʻlib, Bursa kinoteatrlarida mazkur filmlar namoyish etildi.

Ushbu festivalga 17 ta davlatdan 400 dan ortiq kinoijodkorlar tashrif buyurdilar. Xalqaro anjumanda Turkiyadan tashqari Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Turkmaniston, Vengriya va Shimoliy Kipr kabi davlatlardan kino ustalari ishtirok etishdi. 57 ta film ikki yoʻnalishda gʻoliblik uchun raqobatlashdi. Ular orasida oʻzbek kinoijodkorlarining ikkita kartinasi ham tanlab olinib, filmlarimiz yurtimizga sovrin bilan qaytishdi.
Kinorejissyor Dilmurod Masaidovning “Ayol qismati” badiiy filmi hamda Furqat Usmonovning “Inson” koʻp qismli hujjatli filmi Gran-priga loyiq deb topildi.

“Eng yaxshi hujjatli film” nominatsiyasi boʻyicha “Inson” hujjatli filmi GRAN-PRI bilan mukofotlandi. Sovrin film rejissyori Furqat Usmonovga topshirildi.

Mazkur kinokartina Kinematografiya agentligi hamda “Spectre” studiyasi tomonidan suratga olingan.

Film ssenariy muallifi va postanovkachi rejissyor Furqat Usmonov, operatorlar Jahongir Ibragimov, Azizbek Normatov, ikkinchi rejissyor Muattar Mirredjabova, kreativ prodyuser Shohrux Rasulov, ijrochi prodyuser Davronxoʻja Abdugʻaniyev, bosh prodyuser Firdavs Abduxoliqov.

Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “Dilshoh media” kinostudiyasi tomonidan ishlab chiqarilgan, rejissyor Dilmurod Masaidovning adashib Suriyaga ketgan vatandoshlarimizni yurtimizga qaytarish yuzasidan amalga oshirilgan maxsus operatsiya haqida hikoya qiluvchi “Ayol qismati” badiiy filmi esa kinofestivalning eng nufuzli bosh sovrini “Eng yaxshi badiiy film” nominatsiyasida gʻoliblikni qoʻlga kiritib GRAN-PRIga sazovor boʻldi.

Film ssenariy mualliflari Dilmurod Masaidov hamda Sardor Hamroyev, postanovkachi rejissyor Dilmurod Masaidov, postanovkachi operator Husan Aliyev, rassom Husayn Eshniyozov, prodyuser Mahmud Erkaboyev, liboslar boʻyicha rassom Sevara Zunnunova, kartina direktori Azizbek Azatbayevlardir.