Turkmaniston bilan transport sohasidagi hamkorlik aloqalari yangi bosqichda rivojlanadi

    Transport 11 Avgust 2022 1563

    2022-yil 8-9-avgust kunlari transport masalalari boʻyicha oʻzbek turkman ishchi guruhining navbatdagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Transport vaziri oʻrinbosari A.Moʻminov va “Turkmen avtoulaglarы” agentligi raisining oʻrinbosari V.Xodjanepesov ikki mamlakatning avtomobil, temir yoʻl, aviatsiya tizimi tashkilotlar vakillari ishtirokida boʻlib oʻtgan uchrashuvda transport sohasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.

    Xususan, tomonlar ikki davlat oʻrtasida avtomobil transportida yuk tashuvlar jarayonini toʻliq qayta tiklash, shuningdek, yuk tashish talablarini soddalashtirishdan manfaatdor ekanliklarini qayd etib oʻtdi.

    Oʻzbekiston tomoni avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirayotgan oʻzbek haydovchilari uchun Turkmanistonga kirish vizasini berish talablarini soddalashtirish va muddatlarini qisqartirish yuzasidan turkman tomoniga takliflarini bildirdi.

    Tomonlar temir yoʻl va avtomobil transportida yuk tashuvlari hajmini oshirish maqsadida transport koridorlarini rivojlantirish yoʻnalishidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish yuzasidan fikr almashdi.

    Oʻzbekiston tomoni “Turkmanboshi” porti orqali oʻtuvchi transport koridorlari butun mintaqa uchun muhim ekanligini va ushbu yoʻnalishdagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish zarurligini taʼkidlab oʻtdi. Tomonlar tranzit yoʻnalishlarda yuk tashish hajmini oshirish uchun temir yoʻl infratuzilmasini yanada modernizatsiya qilish, shuningdek, yuk tashuvlarida transport xarajatlarini kamaytirish maqsadida chegirmalar taqdim etish choralarini koʻrishga kelishib oldilar.

    Uchrashuvda, Oʻzbekiston tomoni mamlakatlarimiz oʻrtasida yoʻlovchi tashishni tashkil etish yoʻnalishidagi ishlarni faollashtirishni taklif qildi. Tomonlar Oʻzbekiston – Turkmaniston – Eron – Ummon transport koridorining barcha ishtirokchilari bilan Ashxobod shartnomasi doirasidagi ishlarni faollashtirishga kelishib oldilar.

    Uchrashuv davomida tomonlar xalqaro yuk tashishni amalga oshirish bilan bogʻliq boshqa amaliy masalalarni ham koʻrib chiqdilar. Yigʻilish yakuni boʻyicha tegishli bayonnomani imzolandi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.