Xalq maslahati tarkibi 56 kishidan tashkil topadi. Amaldagi saylov qonunchiligiga asosan, ularning 48 nafari viloyatlar va Ashxobod shahridan mahalliy vakillik organlari (xalq maslahati) yigʻilishlarida yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylanadi, yana sakkiz aʼzo mamlakat Prezidenti tomonidan tayinlanadi.
Turkmaniston saylov va referendumlar oʻtkazish boʻyicha markaziy komissiyasi maʼlumotiga koʻra, 48 mandat uchun 112 nomzod roʻyxatga olingan, ularning 26 foizini ayollar tashkil etgan.
Saylov jarayonini 440 nafar milliy kuzatuvchi oʻz vakolatlari doirasida monitoring qildi.
2019-yil sentyabr oyida Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ikki palatali parlament tizimiga oʻtish tashabbusi bilan chiqqan edi. Milli Gengesh tarkibiga Xalq maslahati (yuqori palata) va Mejlis (quyi palata) kiradi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.