TURKSOY davlatlari kinochilar ittifoqini yaratishga oid kelishuv memorandumi imzolandi

    Butunjahon jamiyatining "Oʻzbekiston madaniy merosi - yangi renessans asosi" Vll xalqaro kongressi doirasida “Kino olami va media: merosga yangicha nigoh” konferensiyasi boʻlib oʻtdi.

    Kino boʻyicha alohida anjuman oʻtkazilishi bejiz emas: joriy yil 11-oktyabr kuni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Oʻzbekiston tarixi va madaniyatiga oid badiiy va hujjatli filmlar yaratish vazifasi qoʻyilgan edi. Bu esa oʻz navbatida madaniy merosimiz bilan chambarchas bogʻliq hoda yangi media loyihalarni yaratishni taqozo etadi.

    Nufuzli anjumanda Oʻzbekiston tarixi va tarixiy shaxslari haqida filmlar yaratish uchun TURKSOY mamlakatlari kino tashkilotlarining ijodiy va ishlab chiqarish imkoniyatlarini birlashtirishning yangi mexanizmlari tahlil qilindi.

    Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Turkiya va Oʻzbekiston kino tashkilotlari rahbarlari ishtirokida turkiy dunyo mamlakatlari oʻrtasida kelgusida hamkorlikdagi filmlarni ishlab chiqarish mavzulari muhokama qilindi.

    Shuningdek, ushbu mamlakatlarning kino tashkilotlari rahbarlarining Kongress ishida ishtirok etishi, ularning madaniy merosini ommalashtirishga doir yangi kinoloyihalarni taqdim etish borasida TURKSOY davlatlari kinochilar ittifoqini yaratishga oid kelishuv memorandumi imzolandi. Kelishuvga binoan kelgusida Toshkent, Nukus va Buxoro shaharlarida animatsion maktablar ochiladi.