O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni o'rganishni ommalashtirish agentligi tomonidan Toshkent shahri maktablarida tahsil olayotgan o'quvchilar o'rtasida “Smart Readers” musobaqasi bo'lib o'tdi. Musobaqa ishtirokchilari Byornett Frensis Xojsonning “The Secret Garden” hikoyasi asosida tayyorlangan turli savol-javob va rolli o'yinlarda qatnashdi.
“Smart Readers” ingliz tilida hikoyalar o'qish musobaqasi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan o'tkazilayotgan beshta tashabbusning to'rtinchi qismi — yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish va ular o'rtasida kitobxonlikni targ'ib qilish bo'yicha tizimli ishlarni tashkil etishga qaratilgan. SHuningdek, mazkur tadbir xorijiy tillarni puxta o'zlashtirish, tilning asosiy ko'nikmalarini shakllantirish uchun videorolik, o'yin, ko'ngilochar ko'rsatuv, fil`m va boshqa o'rgatuvchi kontent yaratilishini ta'minlash maqsadida o'tkazildi.
Shuningdek, loyiha o'z oldiga O'zbekistonda ingliz tili o'rganuvchilarini (o'quvchilar, o'qituvchilar va boshqa kasb egalari) ingliz tilida turli janrdagi adabiyotlar o'qishga qiziqtirish va shu orqali ularning til ko'nikmalari, til bilish darajalarini oshirishni maqsad qilgan. Bundan tashqari, ularning dunyo xalqlari, tarixi va madaniyat haqidagi xabardorligini oshirish, o'zaro musobaqalashish orqali ularda raqobatbardoshlik ruhiyatini shakllantirish, tanishish va ma'lumot almashish ham ko'zda tutilgan. O'quvchilarning musobaqada faol qatnashganliklari uchun ularni munosib taqdirlash, motivatsiya berish va albatta, bu orqali ularning kelgusi ta'lim jarayonlariga ijobiy ta'sir ko'rsatish kelgusida o'z samarsini beradi.