баннер
19 Apr 2025
23:37

    Tuxum isteʼmolida nimalarga eʼtibor qaratish lozim?

    Tuxum juda koʻpchilik uchun sevimli nonushta hisoblanadi. Lekin uni isteʼmol qilishda oddiy qoidalarga amal qilmaslik oqibatlari haqida koʻpchilik bilmaydi.

    Tuxum eng keng tarqalgan oziq-ovqat mahsulotlaridan biri hisoblanadi. Unda mikroorganizmlarning koʻpayishi uchun qulay sharoit mavjudligi sababli notoʻgʻri saqlash natijasida ular tez rivojlanadi.

    Tuxum amaldagi sanitariya qoida va meʼyorlari boʻyicha quyidagi koʻrsatkichlarga tekshiriladi:

    • mezofil aerob fakultativ anaerob mikroorganizmlarga
    • ichak tayoqchalari bakteriyalari guruhiga (ITBG)
    • patogen enterobakteriyalarga
    • Kasallangan tuxumni isteʼmol qilish natijasida odamlarda oziq-ovqat mahsulotlari orqali yuqadigan kasalliklar, xususan, salmonellyoz kasalligi yuqishi mumkin.

    Salmonellalarning rivojlanishi uchun eng qulay muhit tuxum sarigʻi hisoblanadi. Ular orasida eng katta xavf tugʻdiradigani tuxum orqali yuqadigan Salmonella enteritidis, Salmonella Pullorum, Salmonella gallinarum, Salmonella Typhimurium, Salmonella newport, Salmonella dublin, Salmonella anatum va boshqalardir.

    Salmonellyoz yuqumli ichak kasalligi boʻlib, oʻz vaqtida davolanmasa, hattoki oʻlimga olib kelishi mumkin. Kasallikning klinik belgilari ichak sanchigʻi, tana haroratining koʻtarilishi, qorin ogʻrigʻi va ich ketishi bilan xarakterlanadi.

    Shu sababli kasallik belgilari namoyon boʻlganda zudlik bilan shifokorga murojaat etish kerak.

    Kasallikni oldini olish uchun:

    • sotib olingan tuxumni 1 litr suvga 20 gramm soda solingan eritmada 20 daqiqa ivitib qoʻyish, keyin toza suv bilan chayish va dezinfeksiyalovchi eritma bilan yuvish;
    • muzlatkichda alohida tuxum uchun ajratilgan joyda saqlash;
    • qaynatib pishirishda 15-20 minut qaynatish, qovurishda esa ikki tomonini qovurish;
    • shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etish tavsiya etiladi.
    Telegram kanalimiz
    Text to speech