Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston yoshlar ishlari agentligi, “Yoshlar ovozi” gazetasi va Oʻzbekiston jurnalistlar uyushmasi hamkorligida “Uch avlod uchrashuvi” oʻtkazildi.
Tadbirda “Yoshlar ovozi” gazetasida uzoq yillar faoliyat yuritib hozirda nafaqada boʻlgan ustozlar, bugun jamiyat hayotida faol ishtirok etib kelayotgan oʻz soʻzi va oʻrniga ega mahoratli jurnalistlar va yoshlar ishtirok etdi.
Aytish kerak, bugun “Yoshlar ovozi” gazetasi yangicha qiyofada, zamon bilan hamnafas boʻlib Yoshlarga oid davlat siyosati va Yoshlar ishlari agentligining faoliyatini keng yoritib kelmoqda. “Uch avlod uchrashuvi”da gazetaning oʻtgan davrdagi faoliyati, ustozlar bosib oʻtgan yoʻl haqida yoshlarga maʼlumot berildi. Qolaversa, gazetaning bugungi qiyofasi, uning kelgusidagi faoliyati haqida fikr almashildi.
Bugungi kunda oʻn yarim ming nusxada chop etilayotgan “Yoshlar ovozi” gazetasi, har bir mahalla yetakchisining qoʻliga yetib borayotgani hamda jamoa oʻz oldiga yangilanayotgan oʻzbek jurnalistikasida yoshlarning yangi qiyofadagi matbuotini yaratishdek, ulkan maqsadi borligi taʼkidlandi. Bunga erishish uchun albatta, ustozlar koʻmagiga tayanib, yoshlarning shijoatidan unumli foydalanish zarur ekani aytildi.
Koʻtarinki ruhda oʻtgan “Uch avlod uchrashuvi”da faxriylar jurnalistlar endigina sohaga kirib kelayotgan yoshlar bilan samimiy suhbat qilib, ular bilan hayotiy tajribalarini oʻrtoqlashdi.